Mojaroli sammit. Balidagi G20 yig‘ilishidan nimani kutish mumkin?

© AP Photo / Dita AlangkaraLogotip sammita G20 v Indonezii.
Logotip sammita G20 v Indonezii. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.11.2022
Obuna bo‘lish
Ertaga, 15-noyabr kuni Indoneziyada ikki kunlik G20 (“Katta yigirmatalik”) sammiti ochiladi.
Forum boshlanmasidanoq ishtirokchilar va kun tartibining noaniqligi tufayli mojarolarga to‘ldi. RIA Novosti Baliga kim va nima uchun borishi haqida material tayyorladi.

Indoneziyacha diplomatiya

“Katta yigirmatalik” iqtisodiyoti eng rivojlangan davlatlarni birlashtiradi. Shu bois sammitlarda asosan iqtisodiy va moliyaviy muammolar ko‘rib chiqiladi.
Biroq, dekabrgacha guruhga raislik qiladigan Indoneziya o‘z pozitsiyasidan siyosiy qarama-qarshiliklarni yumshatish uchun foydalanishga qaror qildi. Mart oyidayoq AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyani G20 dan chetlashtirish chaqirig‘i bilan chiqqandi, biroq Indoneziya tomoni Vladimir Putinni sammitga taklif qildi. Ukraina “Yigirmatalik”ga kirmasa ham prezident Vladimir Zelenskiy ham Balidagi yig‘inga chaqirilgan. U esa ultimatum qo‘ydi: Putin borsa, u sammitga bormaydi. Shunga qaramay, rasmiy Jakarta Kremlga yuborilgan taklifini qaytarib olmadi.
Indoneziya prezidenti Joko Vidodo “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida o‘z pozitsiyasini himoya qilar ekan, uning mamlakati guruhning barcha a’zolari o‘rtasida konsensusga erishilmasa, Rossiyani hech qanday tarzda “izolyatsiya qilish” vakolatiga ega emasligini ta’kidladi.
Natijada, ham Rossiya, ham Ukraina prezidentlari sammitda shaxsan ishtirok etishdan bosh tortdi. Xususan, Zelenskiy sammit ishtirokchilariga video havola orqali murojaat qilishi kutilmoqda. Bali orolidagi Rossiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qiladigan bo‘ldi. Shunga qaramay, Indoneziyaning diplomatik sa’y-harakatlarini muvaffaqiyatli deb hisoblash mumkin. Va bu G‘arbning Moskvani G20 dan chiqarib tashlash rejalarini amalga oshirish mumkin emasligining yana bir dalilidir.

Tipirchilab qolgan Bayden

Rossiyani izolyatsiya qila olmagan Bayden sammit oldidan bir nechta qarama-qarshi signallar berdi.
Dastlab matbuot Oq uydagi manbalarga tayanib, AQSh prezidenti Putin bilan Ukraina muammosini Balida muhokama qilishga tayyorligini xabar qildi. Biroq keyinroq Amerika rahbari ham, uning matbuot kotibi ham yuzma-yuz uchrashuvdan ma’no yo‘qligini rasman ta’kidladilar.
Shu bilan birga, Bayden Vashington Brittni Graynerni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotganini tasdiqladi. Amerikalik basketbolchi Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasida aybdor deb topilib, to‘qqiz yil ozodlikdan mahrum qilindi. Qo‘shma Shtatlar matbuoti Oq uy Kremlga Grayner va to‘rt yil avval Moskvada hibsga olingan sobiq dengiz piyodasi Pol Uilanni Amerikada jazo o‘tayotgan rossiyalik Viktor Butga almashishni taklif qilgani haqida bir necha bor xabar tarqatdi.
Bayden uchun bu muammo bir qarashda ko‘rinadiganidan anchayin muhimroq.
“Qo‘shma Shtatlarda o‘z fuqarolarini chet elda qo‘llab-quvvatlash masalasi fundamental ahamiyatga ega, bu siyosiy jihatdan foydali jihat. Menimcha, Bayden Kongress saylovlaridan oldin ham Grayner almashinuvini muhokama qilmoqchi bo‘lgan. Ammo hozir ham muvaffaqiyatli natija unga ochkolar keltiradi. Biroq hammasi ayirboshlashning o‘ziga xos shartlariga va davlat rahbarlarining siyosiy irodasiga bog‘liq bo‘ladi”, deb eslatdi Rossiya xalqaro masalalar bo‘yicha kengashi direktori Andrey Kortunov RIA Novosti bilan suhbatda.
Sammitdan bir hafta oldin Bayden Rossiya tomoni “aniqroq muzokaralarga (Grayner bo‘yicha – tahr.) tayyor”ligiga shama qildi. Biroq muzokaralarda oldinga siljishning muqobil yo‘llari va ularning Balida muhokama qilinishi haqidagi savolga javoban Bayden eldan burun bashorat qilishdan tiyilishga chaqirdi.

AQSh Xitoyga yuzlanyapti

Oq uy G20 dagi AQSh-Rossiya kun tartibi yuzasidan tayinli qaror qilmagan bo‘lsa, Osiyo yo‘nalishida vaziyat birmuncha aniqroq ko‘rinish olgan. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, u XXR raisi Si Szinpin bilan uchrashib, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish haqida gaplashmoqchi. Amerika yetakchisining ta’kidlashicha, Vashington Pekin bilan “mojaro emas, balki raqobatga intilmoqda”.
Tayvan muammosi haqida gapirar ekan, Bayden keskin fikr bildirishdan qochdi va faqatgina Xitoy rahbari bilan bu masalani “muhokama qilish”ga va’da berdi.
Boshqa tomonning bilvosita signallari Qo‘shma Shtatlar Xitoy bilan qarama-qarshilikni “to‘xtatib turish”ga jiddiy qaror qilganidan dalolat beradi. “South China Morning Post” nufuzli nashri Balidagi uchrashuv arafasida Amerika-Xitoy G2 formatini yaratish imkoniyati haqida maqola chop etdi. Mualliflarning fikricha, dunyoning hozirgi qutblarga bo‘lishini Vashington va Pekin o‘rtasida yaqin hamkorlik zarurligini taqozo etmoqda.
Bayden Si bilan uchrashganda hech qanday yon berishga bormasligini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, u har ikki yetakchi sammitni bir-birining pozitsiyasini avvalgidan ko‘ra yaxshiroq tushungan holda tark etishiga umid bildirdi.

Ertangi kun g‘amida

RIA Novosti so‘roviga javob bergan ekspertlar Balidagi yig‘in muhim burilish nuqtasi bo‘lmaydi, deb hisoblayapti. Andrey Kortunovning ta’kidlashicha, bu G20 ning birinchi uchrashuvlariga o‘xshaydi, ammo chuqurroq ziddiyatlar mavjud.
“Sammit inqirozli muhitda o‘tapti. G20 2008-yildagi moliyaviy inqirozga javob sifatida, forum davlat rahbarlari darajasida ishlay boshlaganda to‘liq shakllandi. O‘shanda umumiy g‘oya jahon iqtisodiyoti va moliyasini boshqarish tamoyillarini qayta qurish edi. Umuman olganda, o‘yinchilarning manfaatlari farqi bo‘lgani uchun qayta qurish amalga oshmadi. Hozir vaziyat yaxshi emas, muammolar avvalgidan ham ko‘p, birlik darajasi 14-yil oldingidan ham pastroq”, - deydi ekspert.
Konsensusga erishish yo‘lida bir qancha to‘siqlar mavjud. Birinchidan, so‘nggi yillarda AQSh pozitsiyalarini oyoq osti qilayotgan Xitoyning roli sezilarli darajada oshdi. Ikkinchidan, iqtisodiy sanksiyalar tashqi siyosatning umumiy elementiga aylanib, an’anaviy muzokaralarni siqib chiqardi. Uchinchidan, ko‘pgina o‘yinchilar bir-biriga qaytadan ko‘nikishi kerak.
Misol uchun, Germaniya kansleri Olaf Shols, Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni va Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak uchun bu sammit birinchi tajriba bo‘ladi. Qolgan G20 a’zolari bu sheriklarga “moslashishi” kerak bo‘ladi.
Noqulay geosiyosiy sharoitda dastlabki tayyorgarliksiz olamshumul yechimlarni amalga oshirish ehtimoldan yiroq, deydi Kortunov. Bu G20 da muhokama qiladigan hech narsa yo‘q degani emas, lekin kelishuvlar endi butun guruh miqyosida emas, balki faqat ikki tomonlama darajada real kuchga ega bo‘ladi. Siyosatshunosning fikricha, agar gap fundamental umumiy kelishuvlar haqida ketsa, Rossiya rahbari sammitda shaxsan ishtirok etishi mumkin edi.
Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining xalqaro tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Aleksandr Orlov ham hozirgi sharoitda Putinning Balida yo‘qligi fundamental ahamiyatga ega emas, deb hisoblaydi.
“Bu bo‘lib o‘tgan va bo‘lib o‘tadigan bir qator xalqaro uchrashuvlardan yana biridir. Bu dunyo iqtisodiy tanazzul davriga kirayotgani bilan bog‘liq, bu qanchalik chuqurligini faqat taxmin qilish mumkin. Va bu muammoni bir sammit bilan hal qilib bo‘lmaydi”, - deydi ekspert.
16 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha “Katta yigirmatalik” birorta kommunike e’lon qilishi kutilmoqda. Ammo xorijlik tahlilchilar 1-dekabrdan guruhda raislik Hindistonga o‘tishini ko‘proq kutapti. AQSh moliya vaziri Janet Yellen allaqachon bu jahon iqtisodiy muammolarini hal qilishga yordam berishiga ishonch bildirdi. Boshqa tomondan, Hindiston Rossiyaning an’anaviy, jumladan, kengayayotgan BRICS bloki doirasida hamkori ekani sabab, rasmiy Moskva bunday ssenariydan foyda ko‘radi.
Yangiliklar lentasi
0