Mastlik holatida bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil qilinadi

© Sputnik / Konstantin Mixalchevskiy / Mediabankka o‘tishBokal vina
Bokal vina - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.11.2022
Obuna bo‘lish
Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tibbiyot birlashmalari tarkibida kamida 10 o‘rinli tumanlararo tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil qilinadi, deyiladi xabarda.
TOShKENT, 5 noya — Sputnik. Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tumanlararo tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil qilinadi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hukumat qarori bilan Alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida kamida 10 o‘rinli tumanlararo tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil qilinadi.
Tibbiy yordam ko‘rsatish punktlarida ichki rejim hamda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida Milliy gvardiyaning qo‘riqlash bo‘linmalari tashkil etiladi.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga jamoat joylarida (yashash joyidan olib borish bundan mustasno) mastlik holatidagi shaxslarni tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga olib borish uchun quyidagi mezonlar asos bo‘ladi:
• shaxsning maqsadli harakatlar sodir etish yoki o‘zi mustaqil harakatlanish qobiliyatini yo‘qotganligi (biror joyda yotgan yoki o‘tirgan holati);
• shaxsning uyquchanligi, uyg‘otishning qiyinligi;
• shaxsning tikka holatda mustaqil tura olmasligi;
• nutqining noaniq, tushunarsiz, o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan uzuq-yuluq alohida so‘zlardan tashkil topishi (g‘uldirashi);
• savollarni yaxshi tushunmasligi, o‘zining qayerdaligini aniq anglab yetmasligi.
“Mastlik holatidagi shaxslar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan aniqlanadi va tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga olib boriladi. Mastlik holatidagi shaxs tibbiy yordam ko‘rsatish punktida 12 soatgacha bo‘lganda dalolatnoma, 12 soatdan ko‘p vaqt bo‘lganda va tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lgan hollarda kasallik tarixi rasmiylashtiriladi”, deyiladi xabarda.
Tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga olib kelingan mastlik holatidagi shaxslarni sutkaning tungi vaqtida (soat 23:00 dan 06:00 gacha) yoki yilning sovuq davrida chiqarib yuborish ularning qarindoshlari kuzatuvida amalga oshiriladi.
Yangiliklar lentasi
0