Is gazining kam miqdori ham organizmni zaharlash uchun yetarli - mutaxassis fikri

© Sputnik / Pavel LisisinGazovaya plita
Gazovaya plita - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 04.11.2022
Obuna bo‘lish
Dunyoda is gazi tufayli sodir bo‘ladigan o‘lim holatlari alkogoldan zaharlanish sababli kuzatiladigan o‘limlardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi - tafsilotlar.
TOShKENT, 4 noya — Sputnik. Odam is gazdan qancha ko‘p nafas olsa, uning qonida shunchalik gemoglobin kamayadi va tanada kislorod yetishmovchiligi paydo bo‘ladi. Bunda is gazining kam miqdori ham organizmni zaharlash uchun yetarli.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov is gazi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklardan ogohlantirdi.
Aytilishicha, dunyoda is gazi tufayli sodir bo‘ladigan o‘lim holatlari alkogoldan zaharlanish sababli kuzatiladigan o‘limlardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Eng yomoni, bu ko‘rsatkichlar yil sayin ortib bormoqda.
O‘zbekistonda ham kuz-qish mavsumida aholining o‘z xonadonlaridagi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanishi, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida turli ko‘ngilsiz holatlar yuzaga keladi. Achinarlisi, ayrim fuqarolarning e’tiborsizligi tufayli o‘nlab insonlar bevaqt hayotdan ko‘z yumadi.
“Uglerod oksidi, ya’ni is gazi hidsiz va rangsiz bo‘lib, inson o‘zida holsizlanish alomatlarini his qilmagunicha uning borligini sezmaydi.Ushbu gazdan zaharlanish uchun esa uning eng kam miqdori yetarli hisoblanadi. Shu bois is gazi “ko‘rinmas qotil” deb ham ataladi. Uglerod oksidi asosan tabiiy gaz, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘larining to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi”, deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov.
U barcha muhitda yuzaga kelishi mumkin, hatto, gaz plita duxovkasida ham. Buning asosiy sababi yonish maydonida yetarli kislorod mavjud emasligida.
Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etib, avvalo, qonga kiradi va gemoglobin hujayralarini zararlaydi. Shundan so‘ng gemoglobin kislorod tashish qobiliyatini yo‘qotadi. Is gazidan zaharlanishdan so‘ng gemoglobin hujayralarini tiklash uchun ko‘p vaqt talab etiladi.
Uglerod oksididan zaharlanish qisqa muddatda yoki sekinlik bilan yuzaga chiqishi mumkin. Bu esa o‘sha muhitda havo tarkibidagi gazning konsentratsiyasiga bog‘liq. Agar uning miqdori kam bo‘lsa, insonda mushaklar bo‘shashishi, bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, ko‘ngil aynishi, qusish, uyquchanlik kuzatiladi.
Yuqori konsentratsiyada zaharlanish tezda yuzaga chiqadi va hushdan ketish, tutqanoqlar va nafas to‘xtashi bilan namoyon bo‘ladi. Eng yomoni, nafas markazining falajlanishi oqibatida o‘lim holati yuz berishi mumkin. Ba’zida zaharlanishdan 2-3 hafta o‘tib ham bemorlarning vafot etish holatlari qayd etilgan.
“Shu bois is gazi xavfidan doimo ogoh bo‘lish, isitish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish, eng muhimi, yuqoridagi sabablarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim”, deya qo‘shimcha qildi Doniyor Alimov.
Yangiliklar lentasi
0