Do‘st bo‘lgan bo‘ri va qo‘zichoq, rossiyaliklarning o‘zbek sirkiga qiziqishi: Sirk san’ati haqida

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovMolodejniy festival sirkovogo iskusstva v Tashkente
Molodejniy festival sirkovogo iskusstva v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.10.2022
Obuna bo‘lish
Hozir O‘zbekistonda sirkni katta rekonstruksiya qilinishi kutilyapti. O‘zbek sirkiga rossiyalik mutaxassislarning qiziqishi ham yo‘q emas.
TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Sirkda yovvoyi hayvonlar qo‘lga o‘rgatiladi. Odamlar orasida faqatgina bo‘ri qo‘lga o‘rgatilmaydi, degan gaplar yuradi. Biroq O‘zbekiston davlat sirki mutaxassisi bo‘rini qo‘zichoq bilan birga boqdi va arenaga olib chiqdi.

Bir-biridan ajralmas do‘stlar

Sirk artisti Akmal Abdullayev 25-yildan buyon shu sohada bo‘lsa, 12-yildan buyon hayvon o‘rgatuvchilik (dressirovka) bilan shug‘ullanadi.
© Akmal Abdullayev shaxsiy arxividanAkmal Abdullayevning bo‘ri bilan chiqishlari
Akmal Abdullayevning bo‘ri bilan chiqishlari - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.10.2022
Akmal Abdullayevning bo‘ri bilan chiqishlari

“Men 12-yil avval yangi tug‘ilgan bo‘ri va qo‘zichoq bolasini olib birgalikda boqishni boshladim, ularni hech qachon bir-biridan ajratmadim. Hayvonlar katta bo‘lgach, arenada birga “Shapito” tomoshasini tayyorladik. Tomoshabinlar katta qiziqish bilan kutib olishdi. Bu hayvonlar hozir bir-biridan ajralmaydi, yo‘qolib qolsa izlashadi”, - dedi Akmal Abdullayev Sputnik muxbiri bilan suhbatda.

Mutaxassis ko‘chma sirk orqali viloyatlarga ham safarlarda ishtirok etadi. Yovvoyi hayvonlar bilan truklar bajarayotganda ularning jismoniy kuchi va quvvatini hisobga oladi.
© Akmal Abdullayev shaxsiy arxividanAkmal Abdullayevning bo‘ri bilan chiqishlari
Akmal Abdullayevning bo‘ri bilan chiqishlari - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.10.2022
Akmal Abdullayevning bo‘ri bilan chiqishlari

Sirk san’ati – sportning oliy turi

Sirk qoshidagi studiya bosh administratori Mirhosil To‘rabekovning so‘zlariga ko‘ra, sirk san’atini sportning oliy turi desa bo‘ladi. Chunki ko‘pchilik sportchilar sirk artistlarini ijrosini amalga oshirolmaydi.
"Sirkdagi havo gimnastikasi, yovvoyi hayvonlarni o‘rgatish (dressirovka) kabi vazifalarni faqat sirk mutaxassislari bajara olishadi. Sirk artisti har arenaga chiqqanida katta bir kuchni to‘plab va hayotini tavakkalga qo‘yib harakat qilayotganini anglash qiyin emas”, - deydi u.
2020 yilda Kinematografiya agentligi o‘zbek sirk san’atining 105-yilligi munosabati bilan 2 qismdan iborat“ Gumbaz ostidagi mo‘’jizalar” (“Chudesa pod kupolom”) hujjatli filmini suratga olgan.
“Shuhrat” medali sohibi, tajribali sirk artisti Rustam Xamedovning ta’kidlashicha, hozirda sirkni katta rekonstruksiya qilinishi kutilyapti va 2023-yilda xalqaro doirada yirik festivalni o‘tkazish rejalashtirilgan.
“O‘zbek sirkiga rossiyalik mutaxassislar katta qiziqish bildirishadi. Rossiya xalq artisti Edgar Zapashiy bilan muloqotda bo‘lib turamiz, xalqaro tadbirlarda ko‘rishamiz. Ayniqsa unga o‘zbek xarakteri juda yoqadi”, - deydi Rustam Xamedov.

“Yangi yil ertagi”

Rustam Xamedov yangi yil bayrami uchun tayyorlanayotgan shou haqida ham ma’lumot berdi.
“Biz asosan bolalar uchun tomosha qo‘yamiz, hozirda yangi yil bayrami uchun “Yangi yil ertagi” shou tomoshasini tayyorlamoqdamiz, bu yili hayvonlar ishtiroki ko‘proq bo‘ladi. Bolajonlarni xursand qilish uchun ayiq, itlar, kabutarlarning qiziqarli o‘yinlari ko‘rsatiladi. Tanlagan ertagimiz ham juda qiziqarli, unda maxsus effektlar yordamida boyitilgan”, - dedi Xamedov.
O‘zbekiston davlat sirkida “Yangi yil ertagi” shousi bolalar maktabdan qishki ta’tilga chiqishi bilan, ya’ni dekabr oyining oxirlarida boshlanadi va 10-yanvargacha seanslar davom etadi. Ba’zida yana talab bo‘lsa qo‘shimcha seanslar ham bo‘lishi mumkin.
Sirkda 200 ga yaqin artistlar faoliyat yuritadi, ular ichida hayvon o‘rgatuvchilar, masxarabozlar, jonglorlar, akrobatchilar, truk ustalari mavjud. Jamoaga Karim Zaripov nomidagi respublika estrada va sirk kollejini tamomlagan talabalar kelishadi. Sport bilan shug‘ullangan akrobatchilar va havaskorlar ham kelib tajriba o‘rganib, ishlashlari mumkin.
Yangiliklar lentasi
0