O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra to‘lovi bilan bog‘liq firibgarliklardan ogohlantirdi

© Din ishlari qo‘mitasiUmra 2017 bahor mavsumi
Umra 2017 bahor mavsumi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.10.2022
Obuna bo‘lish
Umra to‘lovi faqatgina bank orqali amalga oshiriladi - O‘zbekiston musulmonlari idorasi.
TOShKENT, 29 okt — Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra to‘lovi bilan bog‘liq firibgarliklardan ogohlantirdi.
​Aytilishicha, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umra to‘lovi bilan bog‘liq ayrim fuqarolarning firibgarliklari aks etgan chiqishlar turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Umra safari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida maxsus hisobvaraqlar ochilgan bankning barcha hududiy filiallarida amalga oshiriladi.
“Haj va Umra safarlari to‘lovlari faqat bank orqali amalga oshiriladi. Hech bir fuqaro yoki mansabdor shaxs muborak safarlarga oid mablag‘larni qabul qilish vakolatiga ega emas”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ayrim shaxslar umra amalini niyat qilganlarning pullarini aldov yo‘li bilan olib, o‘zining shaxsiy maqsadlari yo‘lida o‘zlashtirib yuborgani achchiq haqiqat va bundan barcha ogoh bo‘lishi lozim.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ziyoratchilarning tayyor ro‘yxati asosida umra ibodatini amalga oshiradi.
Ziyoratchilarga viza olish, ularni kuzatish va kutib olish, Saudiya Arabistonida ibodat va ziyoratlarini tashkil etish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi. Bungacha bo‘lgan jarayonlar, ya’ni umra navbatini yuritish va fuqarolardan to‘lovlarni qabul qilish Diniy idora vakolatiga kirmaydi.
“Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biror chiqish qilishdan oldin mavzuni yaxshilab o‘rganishni, O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomini uning vakolatiga kirmaydigan ishlar bilan bog‘lab tarmoqlarda tarqatib, tashkilot sha’ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan axborot tarqatishdan ehtiyot bo‘lishni so‘raymiz”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Ma’lumot uchun, umra ziyoratchilari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar har kuni Saudiya Arabistoniga amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar kuzgi mavsum doirasida 30 ming nafarga yaqin fuqaro muborak ibodatni amalga oshirishi rejalashtirilgan.
Yangiliklar lentasi
0