Markaziy bank fuqarolarni kredit olishda bank siyosati bilan yaxshilab tanishib chiqishga chaqirdi

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovSentralniy bank Uzbekistana
Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.10.2022
Obuna bo‘lish
Tijorat banklaridan kredit olishdan avval qanday ma’lumotlarga ega bo‘lish kerakligi haqida materialimizda o‘qing.
TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Markaziy bank fuqarolarni tijorat banklaridan kredit olishdan oldin bank siyosati bilan yaqindan tanishib chiqishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz to‘lovidan tashqari qo‘shimcha to‘lovlar hisobiga kreditning haqiqatdagi narxi yuqori bo‘layotganligi kabi masalalar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar e’lon qilinmoqda.
Markaziy bank ushbu xabarlar yuzasidan fuqarolardan banklar ajratayotgan kredit shartlari bilan batafsil tanishib chiqishlarini so‘ramoqda.
Aytilishicha, kredit so‘rab bankka murojaat etgan fuqaro tashkilotning rasmiy veb-sayti orqali kredit turi, shartlari, bank xizmat haqi miqdori va kredit bo‘yicha axborot varaqasi bilan batafsil tanishib chiqishlari kerak.
Shuningdek, Markaziy bank tushunmagan ma’lumotlar bo‘yicha bankning koll-markazi yoki bank muassasasiga tashrif buyurgan holda bank xodimlaridan savollarga javob olish va yakunda bank xizmatidan foydalanish bo‘yicha qaror qabul qilishga chaqirdi.
“Qarz oluvchilarning kutilayotgan qarz yukini aniq belgilash hamda kredit mahsulotlarini tanlashda oqilona qaror qabul qilishlari uchun bir qator qoidalar amaliyotga joriy qilingan”, deyiladi xabarda.
Qarz oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida:
kreditlar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlari miqdori qarz oluvchi jismoniy shaxslarning o‘rtacha oylik daromadi miqdoriga bo‘lgan nisbati 50 foizdan;
barcha kredit (mikroqarz)lari bo‘yicha hisoblanadigan kunlik foiz stavkasi 0,3 foizdan;
kredit (mikroqarz) bo‘yicha hisoblangan foizlar, vositachilik haqi, penya va boshqa to‘lovlar miqdori yillik qarz summasining yarmidan oshib ketmasligi belgilangan.
Shuningdek, qarz oluvchining kredit (qarz) olish bilan bog‘liq to‘lovlari hisobga olinadigan kreditning to‘liq qiymatini hisoblash amaliyotga kiritilgan.
Kreditning to‘liq qiymatiga qarz oluvchining to‘lovlari, shu jumladan, uchinchi shaxslar foydasiga to‘lovlari, agar qarz oluvchining bunday to‘lovlar bo‘yicha majburiyati shartnoma shartlaridan kelib chiqsa yoki kredit berish bunday to‘lovlarni amalga oshirishga bog‘liq qilib qo‘yilgan bo‘lsa kiritiladi.
Ushbu ko‘rsatkich qarz oluvchilarga turli banklar kreditlarining haqiqiy bahosini bilishga hamda kredit mahsulotini tanlashda oqilona qaror qabul qilishga xizmat qiladi.
Qolaversa, potensial qarz oluvchi kredit olish maqsadida bankka murojaat etganda, bank majburiy tartibda qarz oluvchi bilan birgalikda belgilangan shakldagi kreditning asosiy shartlari haqidagi axborot varaqasini to‘ldirishi lozim.
Mazkur axborot varaqasining shakli barcha banklar uchun bir xil bo‘lib, bu qarz oluvchiga turli banklarda mavjud kreditlarning shartlarini taqqoslash va o‘zi uchun maqbul bo‘lgan variantni tanlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, qarz oluvchi banklarning kredit mahsulotlari shartlarini tushunishiga moliyaviy savodxonligi yetishmasa yoki shartnomaning ayrim bandlari bo‘yicha maslahat olishni zarur deb hisoblasa kredit shartnomani imzo qo‘ymasdan oldin tanishib chiqish uchun o‘zi bilan olib ketishga haqli.
Ma’lumot uchun, Markaziy bank moliyaviy savodxonlikni oshirish va fuqarolarning moliyaviy bilimini shakllantirish maqsadida moliya va iqtisodiyotga oid asosiy ko‘nikmalarni o‘rgatib borish uchun finlit.uz veb-sayti va telegram kanalini ishga tushirgan.
Unda sodda tildagi iqtisodiy tushunchalar, mexanizmlar, moliyaviy xizmatlar misollar bilan tushuntiriladi va kreditlardan foydalanish uchun qarorlarni qabul qilishda muhim jihatlar berib boriladi.
Yangiliklar lentasi
0