Gaz ta’minotidan uzilgan issiqxonalar 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlanadi

© SputnikTeplitsa v Tashkentskoy oblasti
Teplitsa v Tashkentskoy oblasti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 28.10.2022
Obuna bo‘lish
Prezident issiqxonalarning gazdan uzilish holatini zudlik bilan ko‘rib chiqishni buyurdi
TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Issiqxonalarni gaz ta’minotidan uzish holati bo‘yicha tadbirkorlarning noroziligidan xabar topgan Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan mazkur masalani ko‘rib chiqish uchun Administratsiya rahbari Sardor Umurzakovga tegishli topshiriq berdi.
Administratsiya rahbari boshchiligida o‘tgan majlisda issiqxonalarni tabiiy gaz ta’minotidan ogohlantirishsiz uzish holatlari bo‘yicha juda ko‘p e’tirozlar bildirilayotgani, xususan 25-oktabr kuni respublikaning turli hududlaridan issiqxonalari gazdan uzilgan tadbirkorlar norozilik bildirib, Toshkentda to‘plangani bo‘yicha tegishli mas’ullar qattiq tanqid ostiga olindi.
Sardor Umurzakovning so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddi rahbarlarining ushbu masala bilan umuman shug‘ullanmagani uchun, tadbirkorlarning muammolariga yechim topmagani uchun ular Prezident Administratsiyasiga kelishmoqda.
Yig‘ilish davomida issiqxona egalari bo‘lgan tadbirkorlar ham tinglandi. Ular o‘zlarini qiynayotgan muammolar, faoliyatidagi og‘riqli masalalar va ular yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi.
Aytilishicha, "Hududgazta’minot" AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qo‘ygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yo‘qotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band bo‘lgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin.
Shuni inobatga olib, Energetika vazirligiga gaz ta’minotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlash topshirig‘i berildi.
Shuningdek, Hisob palatasiga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan "Hududgazta’minot" AJning hududiy boshqarma boshliqlari harakatiga huquqiy baho berish, agar ularning harakatida jinoyat alomatlari aniqlansa, qonuniy tartibda javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.
Yig‘ilishda shuningdek, issiqxonalarni muqobil energiya (ko‘mir)ga o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi.
So‘zga chiqqan tadbirkorlarning barchasi issiqxonalarni ko‘mir orqali isitishga o‘tish ma’lum vaqt talab etishi, buni avval har tomonlama o‘rganib chiqish, sinchkovlik bilan sinovdan o‘tkazish, tijoriy tomonlarini hisob-kitob qilish zarurligini ta’kidladi.
Mazkur masala yuzasidan ishchi guruh tuzilib, tegishli mutaxassislar va tadbirkorlar bilan birgalikda holatni batafsil o‘rganib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.
Bunda ishchi guruh har bir issiqxona kesimida ularning moliyaviy ahvolini o‘rganib chiqib, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq asoslangan takliflar tayyorlaydi.
O‘z navbatida issiqxona yurituvchi tadbirkorlarga o‘z hosillarini nes-nobud qilmasdan yetishtirib olishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 1 kun ichida tegishli manbalardan moliyaviy mablag‘ bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vazirligi Issiqxonalar xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun mavsumiy gaz cheklovlari va uni iste’mol qilish hajmining o‘sishi tufayli muqobil yoqilg‘i manbalariga o‘tishini ma’lum qilgan edi.
Yangiliklar lentasi
0