Mirziyoyev sog‘liq saqlash sohada qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 26.10.2022
Obuna bo‘lish
Joriy yilda tibbiyotga 28 trillion so‘m ajratilmoqda va bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘p.
TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidagi sog‘liqni saqlash tizimining kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda sohada qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi.
Davlat rahbari birlamchi bo‘g‘inni mahallagacha tushirish bo‘yicha boshlagan islohotlar samarasini oshirish lozimligini qayd etdi.
Oilaviy poliklinikalardan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan 272 ta mahallada tibbiyot punktlarini tashkil qilish ishlarini jadallashtirish topshirildi.
“Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda 191 nafar shifokor ish boshladi. Yana 171 ta bo‘sh o‘rinni to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.
Shifoxonalarda tug‘ruq o‘rinlarini ko‘paytirish, respublika bo‘yicha 46 ta tumanlararo perinatal markazni tashkil etish ishlarini tezlashtirish topshirildi.
Tez tibbiy yordamda chaqiruvga yetib borish vaqti 3 barobarga, xarajatlar 25 foizga qisqarishiga qaratilgan prezident qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga ko‘rsatma berildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda tibbiyotga 28 trillion so‘m ajratilmoqda va bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘p.
Mirziyoyev muhokama qilingan masalalarning barchasi faqat va faqat xalqni rozi qilishga qaratilganini ta’kidladi.
Shu bois, barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga o‘z hududida tibbiyotni rivojlantirishga munosabat va yondashuvini tubdan o‘zgartirib, bu masala bo‘yicha jiddiy bosh qotirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari bugungi kunda inson hayoti, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylantirilayotganini qayd etdi. “Inson – jamiyat – davlat” degan qoidani hayotga joriy etilyapti.
“Bu borada, hech shubhasiz, tibbiyot g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Bu sohada masalaning katta-kichigi yo‘q. Hammasi birdek muhim. Barcha hokimlar, bu yerda o‘tirgan rahbarlar eshitib olsin: bir bemor odamni dardiga darmon bo‘lib, uning sog‘lig‘ini tiklasak, hayotga qaytarsak, bilingki, bu bilan butun oilaning baxtini, kelajagini ta’minlagan bo‘lamiz", - dedi Mirziyoyev.
Yangiliklar lentasi
0