Yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar qancha?

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaUchebnik uzbekskogo yazika
Uchebnik uzbekskogo yazika - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.10.2022
Obuna bo‘lish
Makkada o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va uni xalqaro tilga aylantirish masalalari muhokama qilindi.
TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni 60 milliondan oshdi. Bu haqda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Makka shahrida o‘tkazilgan ma’rifiy tadbirda ma’lum qilindi, deya xabar berdi “Dunyo” AA.
Qayd etilishicha, tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda o‘zbek tilining mavqeyini mustahkamlash, ona tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil so‘zlab berilgan. Bu borada xorijdagi ko‘plab universitetlarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilgani va chet mamlakatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziquvchilarning soni yil sayin ortib borayotgani ta’kidlangan.
“Hozirgi kunda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni 60 milliondan oshdi, xorijiy davlatlardagi 50 dan ortiq oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan asli o‘zbek bo‘lgan buxoriylar diasporasi vakillari millat aslini aks ettiruvchi o‘zbek tilini e’zozlash, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish hamda yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifaga aylanib borayotganini qayd etgan.
“Saudiya hududida o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, diaspora vakillari farzandlarining milliy tilimizni mukammal egallashi uchun maxsus kurslar tashkil etish va ularni zarur adabiyotlar bilan ta’minlashga kelishib olindi”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. 1989-yilning shu kunida "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan. 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu qonun bilan har yili 21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlanadi.
Rossiya yoshlari o‘zbek tilini qanday o‘rganishmoqda?
Yangiliklar lentasi
0