Mirziyoyev OHIChK Ostona sammitida qanday takliflar bildirdi
11:35 13.10.2022 (yangilandi: 11:54 13.10.2022)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti o‘z so‘zida Afg‘oniston, yoshlar, iqtisodiyot kabi masalalarga e’tibor qaratdi - tafsilotlar.
TOShKENT, 13 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) VI sammitida nutq so‘zladi.
Davlat rahbari o‘tgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni ta’minlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari bo‘yicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida o‘zining g‘oyatda zarur ekanligini ko‘rsatganini ta’kidladi. O‘zbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
"Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonchning misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bularning barchasi ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab bo‘lib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda. Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha bizning sa’y-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda", - dedi Mirziyoyev.
Ushbu omillarning umumiy xavfsizlik manfaatlari, taraqqiyot va farovonligimizga ta’siridan kelib chiqib, prezident ayrim ustuvor yo‘nalishlarga diqqat qaratishga chaqirdi.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish zarur.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim.
"Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz" - dedi Mirziyoyev.
Prezident mamlakatlar radikal g‘oyalarning keng xurujiga yanada ko‘proq to‘qnash kelayotganiga e’tibor qaratdi. Buzg‘unchi kuchlar targ‘ibot va mafkuraviy ta’sirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda.
"Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlikni o‘rnatishimiz kerak", - dedi O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyev yoshlarning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga ko‘maklashuvchi yangi formatni – Avlodlar muloqotini yo‘lga qo‘yishni taklifini bildirdi. Mamlakat Yosh yetakchilar Forumi doirasida bunday ilk uchrashuvni 2023-yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazishga tayyor.
Prezident o‘z nutqida iqtisodiyotlarni global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Bu o‘rinda:
proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi transport yo‘laklarini yaratish hisobiga kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Mirziyoyev Innovatsiyalar transferi salohiyatini yanada to‘liqroq ishga solish, raqamlashtirishni faol rag‘batlantirish, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, Internet tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
"Bu yo‘nalishlarda Osiyo mamlakatlari global yetakchilikka birgalikda erishish uchun barcha imkoniyatlarga egadir", - dedi davlat rahbari.
O‘zbekiston yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, qit’aning ko‘plab davlatlari iste’mol mahsulotlarining asosiy import qiluvchilari hisoblanadi va oziq-ovqat xavfsizligining oqibatlarini juda o‘tkir his qilmoqda.
"Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi Osiyo qit’asida yashamoqda. Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning o‘zida aynan bizning mamlakatlarimiz jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi", dedi prezident.
Mirziyoyev bu borada yangi yondashuvlar:
oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish;
ichki mintaqaviy savdo o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish;
Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratishni taklif qildi.
Ushbu barcha masalalarni FAO shafeligida kelgusi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilish taklif etildi.
Shuningdek, davlat rahbari ekologiya va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishni hamda mamlakatlarni jadal ko‘klamzorlashtirish va ekotizimlar bog‘liqligini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha “Yashil Osiyo” konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.