Eronga vizani kimlar soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin - TIV izohi
© Sputnik / Zafar XalilovMID Uzbekistana
© Sputnik / Zafar Xalilov
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston va Eron soddalashtirilgan viza rejimini joriy qildi. Endi viza olishga berilgan ariza 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
TOShKENT, 13 okt — Sputnik. O‘zbekiston-Eron o‘rtasida soddalashtirilgan viza rejimi joriy etildi. Mazkur viza rejimidan kimlar foydalanishi mumkinligi yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Qobuljonov izoh berdi.
O‘zbekiston va Eron hukumatlari o‘rtasida ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun viza berish tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim 13-oktabrdan kuchga kirdi.
Hujjatga ko‘ra, tomonlar paritet asosda va milliy qonunchilik qoidalariga muvofiq tomonlar davlatlarining ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari, shuningdek, turistik guruhlari uchun viza berishning soddalashtirilgan tartibini joriy qiladi.
Soddalashtirilgan viza rejimi quyidagilarga tegishli:
Ishbilarmon doiralar vakillari - bir tomon davlatining boshqa tomon hududida investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolari;
Ilmiy doiralar vakillari - bir tomon davlatining boshqa tomon hududida fan va ilmiy faoliyatni amalga oshiruvchi fuqarolari;
Turistik guruh - bir tomon davlatining bir vaqtning o‘zida boshqa tomon hududiga turistik maqsadlarda kiruvchi 5 (besh) dan 20 (yigirma) kishigacha bo‘lgan fuqarolari.
Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari ishtirokchi davlatlarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli hujjatlarni olgandan so‘ng, ularni 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Hujjatlar ma’qullangan taqdirda viza berish uchun tasdiqnoma rasmiylashtiradi.
Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalar quyidagi vizalarni taqdim etadi:
Ishbilarmon doiralari vakillari uchun amal qilish muddati 6 oygacha bo‘lgan ko‘p martalik kirish vizasi;
Ilmiy doiralar vakillari uchun 1 oygacha amal qiladigan viza;
Turistlar guruhlari tarkibidagi fuqarolari uchun 30 kungacha bo‘lgan turistik viza.
Alohida hollarda, agar qo‘shimcha ko‘rib chiqish talab etilsa, viza berish muddati 10 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Bitim Eron prezidentining 14-16 sentabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.
Hujjat 11 moddadan iborat bo‘lib, uning kuchga kirishi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, turizm, fan va ilmiy faoliyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.