Farg‘onada danakciz anor navlari ko‘paytirilmoqda

© Qishloq xo‘jaligi vazirligiAnor
Anor - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.10.2022
Obuna bo‘lish
Quva tumanida anorning danakciz (urug‘siz) navini mahalliylashtirish ustida ish olib borilmoqda.
TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Bog‘bonlar Farg‘ona viloyatining Quva tumanida anorning danakciz (urug‘siz) navini mahalliylashtirish va ko‘paytirish bilan shug‘ullanishmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, tumandagi fermer xo‘jaligida parvarish qilinayotgan danakciz anor navi O‘zbekistonning tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan uchinchi avlod hisoblanadi. Hozirgi kunda har bir tupdan 50-100 kilogrammgacha hosil olinmoqda.
Ayni paytda Quva tumanida anorning 30 dan ortiq navi parvarishlanmoqda. Yetishtirilgan hosilning ichki ehtiyojdan ortgan qismi boshqa davlatlarga, jumladan, Rossiyaga eksport qilinmoqda.
O‘zbekistonda barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 15,5 ming gektar anorzorlar mavjud, shundan, 12,3 ming gektar — fermer va qishloq xo‘jaligi korxonlarida va 3,2 ming gektar — dehqon va aholi tomorqalarida.
Hosilli anorzorlar 6,4 ming gektar (3,6 ming gektar — fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida, 2,8 ming gektar — dehqon va aholi tomorqalarida) va yangi anorzorlar 9,1 ming gektarni tashkil qilib, ularning o‘rtacha hosildorligi 160-170 sentnerni tashkil etadi.
Barcha toifadagi xo‘jaliklarda 2021-yilda 81,9 ming tonna anor yetishtirilgan, 2022-yilda esa 109,1 ming tonna anor yetishtirish rejalashtirilmoqda. O‘sish esa 33 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoning Sherobod tumanida 5-oktabr kuni birinchi respublika anor festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston soha rivojini rag‘batlantirish va anor yetishtiruvchilar malakasini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Yangiliklar lentasi
0