Yon shajara bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh taqiqlanishi mumkin

© PixabaySvadebnaya para
Svadebnaya para - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 04.10.2022
Obuna bo‘lish
Ota-onaning aka-uka va opa-singillarining farzandlari va boshqa ayrimlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlar hisoblanadi.
TOShKENT, 4 okt — Sputnik. O‘zbekistonda yon shajara bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash taklif qilinmoqda. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi Oila kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga o‘xshashlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlar hisoblanadi va hokazo.
Hozir Oila kodeksi nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida nikohni taqiqlaydi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil iyul-dekabr oylarida respublika bo‘yicha jami 1210 ta yaqin qarindoshlar (529 ta — xolavachcha, 307 ta — tog‘avachcha, 178 ta — amakivachcha, 196 ta — ammavachcha) o‘rtasida nikoh holatlari qayd qilingan. Hududlar kesimida qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohlarning yarmidan ko‘prog‘i 59 foizi ikkita viloyat: Surxondaryo (343 ta) va Qashqadaryo (371 ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlanishicha, bunday oilalarda tug‘ilayotgan bolalar orasida nogiron, jumladan, 1 yoshgacha tug‘ma anomaliyalar, deformatsiya va xromosom buzilishlarga uchragan bolalar ulushi ortmoqda.
Jumladan, 1 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar soni 2018-yildagi 2592 nafardan 2020-yilda 3374 nafarga yoki 30,1 foizga, 1 yoshgacha tug‘ma anomaliyalar (rivojlanish nuqsonlari), deformatsiya va xromosom buzilishlar soni 2018-yildagi 1093 tadan 2020-yilda 1292 taga yoki 18,2 foizga ko‘paygan.

Oila kodeksida qarindoshlik haqida nimalar deyilgan

Bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar hisoblanadi. Ikki shaxs o‘rtasidagi to‘g‘ri shajara bo‘yicha qarindoshlikning yaqinligi qarindoshlik darajasi, ya’ni tug‘ilish soni bilan belgilanadi.
Bolalar ota-onasiga nisbatan to‘g‘ri shajaradagi birinchi, nevara bobosiga, buvisiga nisbatan — ikkinchi, evara katta bobosiga, katta buvisiga nisbatan — uchinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi va hokazo.
Aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga o‘xshashlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlar hisoblanadi va hokazo.
To‘g‘ri shajara bo‘yicha qarindoshlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlarga nisbatan yaqinroqdir.
Ikki shaxs o‘rtasida qarindoshlikning uzoq-yaqinligini aniqlashda, darajalarning soni yoki shu shaxslardan birining o‘zini hisobga qo‘shmay turib, undan kelib chiqqan avlodlar soni hisobga olinadi.
Hisob ajdodlar tomon to‘g‘ri shajara bo‘yicha ular uchun umumiy bo‘lgan shaxsga (ajdodga) qarab va undan esa, avlodlar tomon — ulardan boshqasiga qarab olib boriladi.
Tug‘ishgan aka-uka va opa-singil qarindoshlikning ikkinchi darajasida, tog‘a va amaki, amma va xola o‘z jiyanlari bilan qarindoshlikning — uchinchi, tog‘avachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar esa — to‘rtinchi darajasida turadilar (57-modda).
Aka-uka va opa-singillar yot aralashmagan va yot aralashgan qarindosh bo‘lishi mumkin. Aka-uka va opa-singillar bir ota-onadan kelib chiqqan bo‘lsa, yot aralashmagan, ota bir ona boshqa yoki aksincha ona bir ota boshqa bo‘lsa, yot aralashgan qarindosh hisoblanadi. Yot aralashmagan qarindoshlikda aka-uka va opa-singillar tug‘ishgan, yot aralashgan qarindoshlikda esa, aka-uka va opa-singillar o‘gay hisoblanadi (58-modda).
Er-xotinning ilgarigi nikohlaridan bo‘lgan bolalari o‘zaro qarindosh hisoblanmaydi.
Yangiliklar lentasi
0