Kvant mexanikasi tadqiqotchilari Nobel mukofotiga sazovar bo‘ldi

© © AFP 2022 / Jonathan NackstrandObyavlenie laureatov Nobelevskoy premii po fizike — 2022
Obyavlenie laureatov Nobelevskoy premii po fizike — 2022 - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 04.10.2022
Obuna bo‘lish
Bu yil fizika yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofoti Parij-Sakle universiteti akademigi Alen Aspe, Berklidagi Kaliforniya universiteti doktori Jon Klauzer hamda Massachusets texnologiya instituti akademigi Anton Saylingerga beriladi.
TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Fizika bo‘yicha 2022-yilgi Nobel mukofoti bir guruh olimlar – fransuz Alen Aspe, amerikalik Jon Klauzer va avstriyalik Anton Saylingerga berildi. Bu haqda bugun Stokgolmdagi Qirollik Fanlar akademiyasining Nobel qo‘mitasi ma’lum qildi.
Nobel qo‘mitasining asosli bayonotida aytilishicha, mukofot “chigal fotonlar bilan tajriba o‘tkazgani, Bell tengsizliklarining buzilishini aniqlagani va kvant mexanikasidagi kashfiyotlari uchun” berilgan.
“Alen Aspe, Jon Klauzer va Anton Saylinger ikki zarra ajralganda ham o‘zini birdek tutadigan chigal kvant holatlaridan foydalangan holda innovatsion tajribalar o‘tkazdi. Ularning natijalari kvant mexanikasiga asoslangan yangi texnologiyalarga yo‘l ochdi”, - deya tushuntirdi Nobel qo‘mitasi.
Xususan, Saylingerning tadqiqot guruhi kvant holatini bir zarrachadan ikkinchisiga masofadan o‘tkazish imkonini beruvchi kvant teleportatsiyasi deb ataladigan hodisani namoyish etgan.
Fizika bo‘yicha Nobel qo‘mitasi raisi Anders Irbek bu yilgi laureatlar ishining kvant texnologiyalari uchun ahamiyatini ta’kidladi.
"Kvant mexanikasining yangi turi paydo bo‘layotgani tobora aniq bo‘lib bormoqda. Biz laureatlarning chigal holatlar bo‘yicha ishi, hatto kvant mexanikasini talqin qilish bo‘yicha fundamental savollardan tashqarida ham katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘ramiz", - dedi u.
Kvant mexanikasi sohasidagi bilimlar bugungi kunda o‘ta tezkor kvant komputerlarini yaratish uchun juda dolzarbdir.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofoti Prinston universitetidan yapon-amerikalik olim Shukuro Manabe va Maks Plank nomidagi meteorologiya instituti xodimi germaniyalik Klaus Xasselmanga Yer iqlimini fizik modellashtirish, o‘zgaruvchanlikni baholash va global isishni ishonchli bashorat qilish uchun berilgan edi.
Mukofotlarni topshirish marosimi 10-dekabrda — mukofot ta’sischisi Alfred Nobel vafot etgan kunda bo‘lib o‘tadi. Odatda sovrindorlar mukofotlarni Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustav ishtirokidagi tantanali marosimda shaxsan qabul qilib oladi. Biroq 2020 va 2021-yillarda koronavirus pandemiyasi tufayli, marosim videoformatda o‘tkazilgandi.

Har bir nominatsiya bo‘yicha Nobel mukofotining pul komponenti hajmi, avvalgidek, bu yil ham 10 million kron (hozirgi kurs bo‘yicha 900 ming dollardan bir oz ko‘proq)ni tashkil etadi.
Avvalroq, tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha bu yilgi Nobel mukofoti Maks Plank evolyutsion antropologiya instituti akademigi Svante Paaboga topshirilishi haqida xabar bergan edik.
Yangiliklar lentasi
0