Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 8 ta milliy ekspertizadan o‘tkazildi

© Oliy Majlis Qonunchilik palatasiKonstitutsiyaviy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Konstitutsiyaviy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.09.2022
Obuna bo‘lish
Konstitutsiyaviy komissiyaga Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlarning yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushgan.
TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Konstitutsiyaviy komissiyaga Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya va boshqa davlatlardan o‘zbekistonliklarning yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi. Bu haqda 10-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaviy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga qo‘yilganidan so‘ng 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan. Bu umumxalq muhokamasi muddatini uzaytirish haqidagi qaror maqsadga muvofiq bo‘lganini isbotlagan.
Fuqarolardan kelib tushayotgan takliflar orasida soliqqa tortishning adolat prinsiplariga mos bo‘lishi, mehnat huquqlarini davlat tomonidan himoya qilinishi, davlat organlari faoliyatining ochiq bo‘lishi va ularga korrupsiyaga qarshi kurashish majburiyatini yuklash, yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishi, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatiga aralashmaslik, odil sudlovning fakat sud tomonidan amalga oshirilishi va boshqa shu kabi kelib tushgan takliflar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, e’tirozlarga sabab bo‘lgan ayrim normalar loyihadan chiqarib tashlangan.
“E’tiborlisi, mazkur jarayonga xorijdagi o‘zbekistonliklar ham befarq bo‘lishmadi. Jumladan, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlarimizning yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi shu kunga qadar 8 ta milliy ekspertizadan o‘tkazilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi davlat tilidagi matni tahririni tayyorlash bo‘yicha olib borilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Loyihada adabiy til qoidalari va normalari talablariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya qilingan.
Qonun loyihasi matni tayyor bo‘lishi bilan u deputatlar muhokamasiga kiritiladi. Deputatlar fikrlari e’tiborga olingan holda keyinchalik tayyor bo‘ladigan konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumga qo‘yiladi.
Yangiliklar lentasi
0