Yangi o‘quv yilida OTMlarda xotin-qizlar uchun qanday imtiyozlar yaratiladi
Obuna bo‘lish
Yangi o‘quv yilida O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida tahsil olmoqchi bo‘lgan xotin-qizlar uchun qanday imkoniyatlar yaratilmoqda? Batafsil Sputnik muxbiri maqolasida.
Yangi o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekiston OTMlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan xotin-qizlar uchun bir talay yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.
Asosiy imtiyozlar:
Xotin-qizlar uchun imtiyozli kredit olish imkoniyati yaratilmoqda.
Kam ta’minlangan oilalar farzandlari yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlarga to‘lov kontrak puli qaytarish shartisiz to‘lab beriladi.
Magistratura bosqichida o‘qiyotganlarni esa to‘lov-kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lanadi.
Xotin-qizlar uchun imtiyozli kreditlar
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qishlari uchun imtiyozli shartlarda ta’lim kreditlari ajratiladi. Bu 18-iyul kuni prezident imzolagan qarorda nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakli uchun xotin-qizlarga:
tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratadi;
tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratadi;
ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7-yil davomida qaytariladi;
ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkalarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, ularni tijorat banklariga to‘lash orqali amalga oshiriladi;
ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatidaqatnashishiga ruxsat etiladi.
Kam ta’minlangan oilalar farzandlari
Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari to‘lab beriladi.
Mazkur imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi "Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" PF-87-son Farmonida ko‘zda tutilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan jami 2100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz to‘lab beriladi.
Komissiya har o‘quv yilida 1-oktabrdan kech bo‘lmagan muddatda tavsiyanoma berilgan xotin-qizlar ro‘yxatini hamda shartnomani imzolash bo‘yicha xulosalarni tegishliligi bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga yozma ravishda kiritadi va belgilangan tartibda shartnomalarni rasmiylashtiradi.
Bunda talaba xotin-qizlar davlat OTMlariga kontrakt asosida o‘qishga kirganida kontrakt to‘lovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan to‘lab beriladi.
Magistratura
Magistraturada o‘qiydigan barcha xotin-qizlarning to‘lov kontrakt pullari budjet hisobidan to‘lab beriladi. Buning uchun ular 15-sentabrga qadar ariza topshirishlari kerak.
“Xotin-qizlarimiz 15-sentabrga qadar OTM rahbariga to‘lov-kontrakt pul miqdorini budjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berish yuzasidan yozma ariza bilan murojaat etadilar. Mazkur arizalar 5 kun muddat ichida ko‘rib chiqiladi va to‘lov-kontrakt summalari stipendiyasiz tarzda o‘qitish qiymati miqdorida moliyalashtiriladi”, dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i Qurbonnazar Ortiqov.
Ma’lumot uchun, Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga muvofiq 2022/2023 o‘quv yili uchun barcha davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib, faqat tabaqalashtirilgan (super) to‘lov-kontrakt miqdorlari 10 foizga kamaytirib belgilandi.