Tomorqa yer egalarini kasanachilik bilan band qilganlarga subsidiya beriladi
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovNatsionalnaya valyuta Uzbekistana — sum
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Obuna bo‘lish
Tomorqa yer egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlik subyektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya ajratiladi.
TOShKENT, 4 sen — Sputnik. 2022 yil 1-noyabrdan boshlab tomorqa yer egalarini kasanachilik bilan band qilgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 30-avgust kuni imzolagan qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 1-noyabrdan tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan:
parranda (tovuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;
uzum ko‘chati va tok so‘risi;
asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;
quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;
baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemini xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi.
Bunda, mazkur subsidiya 1 nafar tomorqa yer uchastkasi egasi uchun BHMning 20 baravarigacha (6 mln so‘mgacha) miqdorda hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan ajratiladi.
2023 yil 1-yanvardan quyidagilarga ruxsat etiladi:
YaTTga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlari (beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari)ni, shu jumladan yuridik shaxslar uchun ham bajarishga;
qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida YaTTni jalb qilishga.
Bunda, YaTT umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun 5 nafargacha xodimni yollashi mumkin. Shuningdek, umumiy qurilish ishlarini bajarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamda kamida 3 nafar xodimni yollagan YaTTga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat qurollari va asbob-uskunalarni sotib olishga subsidiya (bitta xodim uchun BHMning 15 baravarigacha – 4,5 mln so‘mgacha miqdorda) ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, “Yoshlar daftari” platformasida “Bitiruvchilar bandligi” funksionali joriy qilinadi va bu orqali umumiy o‘rta, professional hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining 3-yil davomidagi bandlik holati monitoring qilinadi.