Sayyohlarga keshbek, homiladorlik nafaqasi, qo‘shimcha ustamalar: 1-sentabrdan nimalar o‘zgaradi

© pexels.com/Towfiqu barbhuiyaKalendar 2022
Kalendar 2022 - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.08.2022
Obuna bo‘lish
Birinchi sentabrdan kirakashlik o‘zini o‘zi band qilish hisoblanadi, ayrim sport, tibbiyot, xalq ta’limi xodimlariga ustama to‘lanadi, avtomobillar texnik ko‘rikdan ixtiyoriy o‘tkaziladi – batafsil Sputnik materialida.
TOShKENT, 31 avg — Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida 1-sentabrdan qator o‘zgarishlar ro‘y beradi.

Fuqarolarga ichki sayohatlar xarajatlarining bir qismi qaytariladi

Fuqarolar uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida respublika bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (“Cashback”) tartibi joriy etiladi.

Kirakashlik o‘zini o‘zi band qilish hisoblanadi

Fuqarolar va yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar o‘rtasidagi transport ijarasi shartnomalarini notarial tasdiqlash talab qilinmaydi.
Bunda mazkur shartnomalar soliq organlarida elektron hisobga olinadi.
2022 yil 1-sentabrdan 2024-yil oxirigacha:
4 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega transportlarda yo‘lovchi tashish o‘zini o‘zi band qilish deb qaraladi va ushbu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi;
litsenziya varaqasi berishda avtomobilning ekspluatatsiya davriga qo‘yilgan talab bekor qilinadi.

Ayrim nodavlat tashkilotlar “Elektron hukumat” ma’lumotlaridan foydalanishi mumkin

Quyidagi nodavlat tashkilotlarga “Elektron hukumat” tizimi orqali olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi:
tijorat banklari;
telekommunikatsiya tashkilotlari;
xususiy tibbiyot muassasalari;
nodavlat ta’lim tashkilotlari;
sug‘urta tashkilotlari.

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi

Bunda xodimning ish stajida 1 oygacha bo‘lgan tanaffuslar mavjud bo‘lsa ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qo‘llaniladi.
Kelgusida davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha beriladigan nafaqalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich to‘lanadi.

Ishlab chiqarilganiga 10-yilgacha bo‘lgan avtomobillar texnik ko‘rikdan ixtiyoriy o‘tkaziladi.

- 1-sentabrdan jismoniy shaxslarga tegishli ishlab chiqarilganiga 10-yilgacha bo‘lgan yengil avtomototransportlar texnik ko‘rikdan ixtiyoriy ravishda o‘tkaziladi;
- yengil avtomototransportlar quyidagi muddatlarda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi:
- ishlab chiqarilganiga11 yildan 14-yilgacha bo‘lgan yengil avtomototransportlar – 2-yilda bir marta;
- ishlab chiqarilganiga15 yil va undan ortiq bo‘lgan yengil avtomototransportlar – 1-yilda bir marta.
Bunda mazkur muddatlar tijorat asosida yo‘lovchilar tashish faoliyatida foydalaniladigan yengil avtomototransportlar uchun tatbiq etilmaydi.

Oilaviy bog‘chalarga 3 yoshga to‘lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi

Oilaviy nodavlat bog‘chalarda:
- qatnayotgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlari va maxsus kontingentlar soni tarbiyalanuvchilar sonining 70 foizidan kam bo‘lganda, yetmagan qismiga boshqa oilalarning bolalarini qabul qilishga ruxsat etiladi;
- tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchi lavozimlari uchun 4,5 tagacha shtat birligini ajratishga ruxsat etiladi;
tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchilarga budjetdan ish haqini qoplash uchun subsidiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu xodimlarning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi;
Davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda, oilaviy bog‘chalarda:
- budjetdan to‘lanadigan subsidiya va kompensatsiyalarni hisoblashda 3 yosh va undan katta yoshdagi, lekin 7-yil 8 oydan katta bo‘lmagan yoshdagi tarbiyalanuvchilar hisobga olinadi;
- ota-onalar to‘lovi miqdorini mustaqil ravishda belgilab 3 yoshga to‘lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat etiladi.

Avtomobillarni boshqarish uchun ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Elektron ishonchnomani notarial tasdiqlash talab etilmaydi va u YPX xodimlari tomonidan elektron tekshiriladi.
Elektron ishonchnoma uchun davlat boji ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga (BHMning 3 baravari – 900 ming so‘mga) nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:
bir oygacha bo‘lgan muddatga – 10 foiz (90 ming so‘m);
olti oygacha bo‘lgan muddatga – 50 foiz (450 ming so‘m);
uch yilgacha bo‘lgan muddatga – 100 foiz (900 ming so‘m).

Sport maktablari ayrim xodimlariga ustamalar to‘lab beriladi

Sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga o‘quvchi-sportchilar erishgan yuqori sport natijalaridan kelib chiqib har oyda ustamalar to‘lab beriladi.
Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi sport maktablari trenerlarining bazaviy tarif stavkalari 1-sentabrdan o‘rtacha 1,35 baravarga oshiriladi.

Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga yordam puli beriladi

Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi” joriy etiladi.
Yordam puli har bir ko‘mak oluvchiga uning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish uchun tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi loyihalarini amalga oshirish uchun bir marta beriladi (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida – 9 mln 200 ming so‘m).

Yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi.

Yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga o‘ziga biriktirilgan aholiga bepul ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lov Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali beriladi;
Yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish tajribasi dastlab 2022-yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi qo‘llab-quvvatlanadi

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda joylashtiriladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lovlari 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi.

"E-Antikorrupsiya" loyihasi to‘liq ishga tushiriladi:

U quyidagilarni nazarda tutadi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash;
“Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri”ni shakllantirish va yuritish;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish orqali bartaraf etish.
Loyiha “E-Anticor.uz” elektron platformasida amalga oshiriladi.

Konsert-tomosha faoliyati litsenziyasi uchun davlat bojini undirish tartibi o‘zgaradi

Davlat boji stavkalari pasaytiriladi:
I reyting guruhi uchun BHMning 20 baravari;
II reyting guruhi uchun BHMning 10 baravari;
III reyting guruhi uchun BHMning 3 baravari;
Quyidagi san’atkorlar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi:
yoshga doir pensiya olish huquqiga ega;
nogiron;
ta’lim muassasalarida o‘qiydigan talabalar – o‘qish muddati davomida;
Yuridik shaxs tashkil etgan ijodiy jamoalardan davlat boji yagona litsenziya bo‘yicha undiriladi.

Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi xodimlarga ustamalar belgilanadi

XTV umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:
umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:
xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
Davlat test markazining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida;
DTMning milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama:
2025 yil 1-yanvarga qadar — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
2025 yil 1-yanvardan boshlab — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida to‘lanadi.

Ilmiy darajaga ega tibbiyot xodimlarining lavozim maoshi ko‘tariladi

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Ko‘p kvartirali uy-joylar zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkaziladi

Respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifagamansub obyektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.

Maktablar reytingi shakllantiriladi

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini baholash va reytingni yuritish uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari boshliqlari rahbarligida maxsus komissiyalar tuziladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reyting ko‘rsatkichlari asosida "yashil", "sariq" va "qizil" toifalarga ajratiladi.
Reyting ko‘rsatkichlari asosida "qizil" toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylaridagi korxonalar uchun imtiyozlar beriladi

1 sentabrdan boshlab mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylarining reyestri joriy etiladi.
2025 yil 1-yanvarga qadar Reyestrga kiritilgan hududlardagi umumiy xodimlari soni kamida 10 nafar bo‘lgan va ularda ishlovchi xotin-qizlarning mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan kichik tadbirkorlik subyektlariga:
Reyestrga kiritilgan hududda joylashgan obyektlar bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i 50 foiz imtiyoz qo‘llagan holda hisoblanadi;
ularda ishlovchi xotin-qizlar mehnatiga haq to‘lash fondiga ijtimoiy soliq 1 foizlik stavkada hisoblanadi;
budjet tashkilotlariga yillik umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 750 baravarigacha bo‘lgan mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqi beriladi;
Ular tomonidan ko‘chmas mulk ijaraga olinganda imtiyozlar beriladi.
Yangiliklar lentasi
0