Mirziyoyev Lukashenko va Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.08.2022
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti va Armaniston bosh vaziri bilan telefon orqali muloqot qildi.
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Belarus rahbari mamlakat yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi, O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston prezidenti, o‘z navbatida, Belarus prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va amaliy sheriklik loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi tufayli O‘zbekiston-Belarus munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini ta’kidladilar.
O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 44 %ga, joriy yilning yetti oyida esa yana 12 %ga oshdi. O‘tgan hafta Minsk shahrida qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlariga doir ishlab chiqilayotgan yirik kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini davom ettirish lozimligini ta’kidladilar.
Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan joriy yil sentabr oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, bugun Shavkat Mirziyoyevning Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Armaniston hukumati rahbari O‘zbekiston yetakchisini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Ikki tomonlama munosabatlarni va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Amaliy hamkorlikni ilgari surishning muhim jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, ishbilarmon doiralar va yetakchi korxonlarni faol jalb qilgan holda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun samarali mexanizmlarni shakllantirishdagi mavjud imkoniyatlar qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muloqotni kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Yangiliklar lentasi
0