Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash tartibi o‘zgarishi kutilmoqda

© Sputnik / Zafar XalilovSum
Sum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.08.2022
Obuna bo‘lish
Agar qonun qabul qilinsa, 2023-yildan 75 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shilishi mumkin.
TOShKENT, 25 avg — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 24-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilishdi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo‘shib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yo‘qotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga o‘tmasa), I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo‘shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.
Qonun loyihasi bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya tayinlangandan keyin kamida 1-yil ish stajiga ega bo‘lsa, ish staji va ish haqini hisobga olgan holda hamda kelgusida har 2-yilda nogironlik pensiya miqdorlarini qayta hisoblash amaliyoti joriy etiladi.
Moliya vazirligi rahbarining o‘rinbosari Jamshid Abruyev bugungi kunda O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan 782 ming kishi ro‘yxatga olinganligini, ulardan 292 ming nafari mehnatga layoqatli ekanligini ma’lum qildi. Mehnatga layoqatlilarning atigi 15 foizi yoki 43,8 ming nafarining bandligi ta’minlangan.
“Qonun qabul qilingan taqdirda, 2023-yilda 75 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shiladi. Kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlarning pensiyasi har ikki yilda bir marta qayta hisoblab boriladi”, - dedi vazir o‘rinbosari.
Abruyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda nogironlik pensiyasi miqdori 698 mingdan 2,7 million so‘mgacha tashkil etadi, o‘rtacha 1,1 million.
Qonunni amalga oshirish uchun 2023-yilda davlat budjetidan yiliga qo‘shimcha 275 milliard so‘m kerak bo‘ladi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Yangiliklar lentasi
0