Parataekvondochilar O‘zbekiston iftixoriga aylanishmoqda

© Milliy Paralimpiya qo‘mitasi Osiyo chempionati: o‘zbekistonlik para taekvondochilar umumjamoa hisobida 2 o‘rinni qo‘lga kiritishdi
Osiyo chempionati: o‘zbekistonlik para taekvondochilar umumjamoa hisobida 2 o‘rinni qo‘lga kiritishdi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.08.2022
Obuna bo‘lish
Matonatli parataekvondochilar O‘zbekiston bayrog‘ini nufuzli xalqaro musobaqalarda baland ko‘tarishda davom etishmoqda.
TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Vyetnamning Xoshimin shahrida parataekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik sportchilar 2 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Sputnik muxbiri O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan bog‘lanib, chempionatga oid ma’lumotlarni so‘rab bildi.
“Osiyo chempionatida qit’adan 10 ta og‘irlik kategoriyasi bo‘yicha 117 ta sportchi ishtirok etdi. Musobaqalar juda yaxshi tashkillashtirilgan. Sportchilarimiz mazkur chempionatda juda yaxshi natija ko‘rsatishdi”, - dedi Osiyo chempionatida ishtirok etgan murabbiy, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Bobur Qo‘ziyev.
Mazkur chempionatda parataekvondo bo‘yicha ishtirok etgan 8 nafar o‘zbekistonlik sportchidan 6 nafari medalga sazovor bo‘ldi. Qudrat Haydarov (63 kg), Guljanoy Naimova (65 kg) oltin, Ziyoda Isoqova (47 kg) kumush, Qudrat Suyunov (63 kg), Asil Husanov (70 kg), Asadbek Anvarov esa (80 kg) bronza medal bilan taqdirlandi.
“Qudrat Haydarov Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi, tez kunlarda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqada ishtirok etishga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Men boshqa sportchilarni ham ushbu musobaqaga tayyorlayapman, nasib qilsa, O‘zbekistonga yana medallar olib kelamiz”, - dedi faxr bilan murabbiy.
© Milliy Paralimpiya qo‘mitasi Osiyo chempionati: o‘zbekistonlik para taekvondochilar umumjamoa hisobida 2 o‘rinni qo‘lga kiritishdi
Osiyo chempionati: o‘zbekistonlik para taekvondochilar umumjamoa hisobida 2 o‘rinni qo‘lga kiritishdi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.08.2022
Osiyo chempionati: o‘zbekistonlik para taekvondochilar umumjamoa hisobida 2 o‘rinni qo‘lga kiritishdi
Bobur Qo‘ziyev 2017-yili Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida “Dunyoning eng yaxshi murabbiysi”, joriy yili mart oyida Eronning Tehron shahrida o‘tkazilgan Butunjahon taekvondo prezidenti kubogi (Osiyo qit’asi) xalqaro o‘yinlarida “Osiyoning eng yaxshi murabbiysi” deb topilgan.
Vyetnamning Xoshimin shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida “Musobaqaning eng yaxshi murabbiysi” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi Baxtiyor Toshtemirov chempionatda oltin medalni qo‘lga kiritgan parataekvondochi Guljanoy Naimovaning avvalgi yutuqlarini ham keltirib o‘tdi.
“Guljanoy Naimova ketma-ket 6 ta musobaqaning barchasida g‘oliblikni hech kimga bermayapti! U chindan O‘zbekistonning iftixoriga aylandi, desam ham bo‘ladi. Vyetnamdagi oltin medali bilan u o‘zining sportdagi reytingini yana bir marotaba mustahkamladi”, - dedi Toshtemirov.
© Milliy Paralimpiya qo‘mitasi Osiyo chempionati: o‘zbekistonlik para taekvondochilar umumjamoa hisobida 2 o‘rinni qo‘lga kiritishdi
Osiyo chempionati: o‘zbekistonlik para taekvondochilar umumjamoa hisobida 2 o‘rinni qo‘lga kiritishdi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.08.2022
Osiyo chempionati: o‘zbekistonlik para taekvondochilar umumjamoa hisobida 2 o‘rinni qo‘lga kiritishdi
Guljanoy Naimova 2021-yilning o‘zida Oman - Osiyo ochiq chempionatida, Yaponiyadagi Paralimpiya o‘yinlarida, Turkiyadagi Jahon chempionatida, 2022-yilda Erondagi Prezident kubogida, Bolgariyadagi “Gran-pri” musobaqasida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan.
“Taekvondochi erishgan mazkur natijalar O‘zbekistonda Paralimpiya harakatiga qaratilayotgan davlat miqyosidagi e’tibor va g‘amxo‘rlikning samarasi. Biz sportchilardan hali ko‘plab g‘alabalarni kutib qolamiz”, - deya xulosa qildi mutaxassis.
Parataekvondochilar 25-avgust kuni soat 19:00 da Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olinadi.
Yangiliklar lentasi
0