Mulkka taqiq qoʻyilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar banki joriy etiladi
© SputnikAvtomobilnaya infrastruktura

© Sputnik
1 oktyabrdan mol-mulkka taqiq qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar banki joriy etildi.
TOSHKENT, 24 avg — Sputnik. Oʻzbekiston hududida 1 oktyabrdan boshlab taʼqiq qoʻyilgan mol-mulkning elektron bazasi yaratiladi. Bu haqda Hukumatning 22 avgustdagi 468-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda keltirilgan.
“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab (xatlab) qoʻyilgani, shuningdek taqiqlab (xatlab) qoʻyish bekor qilingani toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar banki joriy etiladi, - deyiladi hujjatda.
Maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritishda:
jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid maʼlumotlar – Ichki ishlar vazirligi;
yuridik shaxsga oid maʼlumotlar – Adliya vazirligi;
koʻchmas mulkka oid maʼlumotlar – Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalariga oid maʼlumotlar – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi;
attraktsionlar va koʻtarish inshootlari (minora kranlari)ga oid maʼlumotlar – Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi;
kemalarga oid maʼlumotlar – Transport vazirligi;
kichik hajmli kemalarga oid maʼlumotlar – Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspektsiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
Elektron maʼlumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi. Notarius elektron maʼlumotlar banki orqali mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyishi va taqiqni bekor qilishi mumkin.
Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab yoki xatlab qoʻyish, shuningdek, uni bekor qilishda toʻlov undirilmaydi.
Murojaatga asosan elektron maʼlumotlar bankida mavjud maʼlumotlar notarius va (yoki) notarial arxiv mudiri tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali yoxud E-notarius.uz axborot portali orqali taqdim etiladi.