Jiddada Mirziyoyevning Saudiyaga tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

© Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati Jamshid Xodjayev Xolid al-Falih bilan uchrashdi
Jamshid Xodjayev Xolid al-Falih bilan uchrashdi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.08.2022
Obuna bo‘lish
Jiddada O‘zbekiston prezidentining Saudiya Arabistoniga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlikning amaliy jihatlari muhokama etildi.
TOShKENT, 17 avg — Sputnik. 15 avgust kuni Jidda shahrida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat davomida O‘zbekiston prezidentining Saudiya Arabistoniga bo‘lajak davlat tashrifiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi aniq loyihalarni nazarda tutgan holda oliy darajadagi tashrifning kun tartibini iqtisodiy jihatdan boyitishni batafsil ko‘rib chiqqan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonga qo‘shimcha Saudiya Arabistoni investitsiyalarini jalb qilish masalalariga ham to‘xtalgan. Yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilishga o‘zaro tayyorlik bildirilgan.
“O‘zaro munosabatlarni faollashtirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar tahlili natijalariga ko‘ra, kutilayotgan oliy darajadagi tashrif mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishiga ishonch bildirildi”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 17-18 avgust kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi. Bu oxirgi 30-yil ichida O‘zbekiston rahbarining ushbu mamlakatga ilk tashrifi hisoblanadi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Jidda shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Mirziyoyev Saudiyaning yetakchi kompaniyalari, nufuzli xalqaro tuzilmalar – Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi. Kun tartibidan Makkai Mukarrama va Madinai Munavvarani ziyorat qilish ham joy olgan.
Yangiliklar lentasi
0