Nikoh tuzishdagi bir oylik muddatni bekor qilishga oid qonun rad etildi

© Oliy Majlis SenatiNikohni qayd etishdagi muddatlar o‘zgarishsiz qoldi
Nikohni qayd etishdagi muddatlar o‘zgarishsiz qoldi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 04.08.2022
Obuna bo‘lish
Senatorlar nikohni qayd etishdagi muddatlarni o‘zgartirish chuqur tahlillarga asoslanishi lozim degan xulosaga kelishdi.
TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Senatorlar nikoh tuzishdagi bir oylik muddatni bekor qilishga oid qonunni rad etishdi. Bu haqda Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni muhokama qilish jarayonida qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan qator masalalar borligini qayd etib o‘tishdi.
Aytilishicha, Oila kodeksining amaldagi 13-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishlarlarga asosan, nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan keyin bir oy o‘tgach emas, balki ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Ammo, fuqaro organlarga ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin qancha muddat davomida o‘tkazilishi noaniqligicha qolgan.
Shunga ko‘ra, mazkur normaning qabul qilinishi alohida hollarda, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikohni ariza berilgan kunning o‘zida tuzish imkoniyatini cheklashga olib kelishi va bu o‘z navbatida nikohlanuvchi shaxslarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, Oila kodeksining amaldagi 17-moddasiga qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartishga asosan, 50 yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki o‘rtada bolasi (bolalari) bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek homilador ayol va uning tug‘ilajak bolasini o‘z bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish ixtiyoriy hisoblanishi ko‘rsatilmoqda.
Bundan tashqari, amaldagi tahrirda nazarda tutilgan bir tarafning kasalligi mavjud hollar Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar jarayonida e’tibordan chetda qoldirilgan. Bu esa, o‘z navbatida bu toifadagi shaxslar huquqlarining cheklanishiga olib keladi.
Shu bilan birga, Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tilgandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Biroq ushbu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan, shuningdek milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur o‘rganilib, tahlil qilinmagan.
Qayd etilishicha, milliy qonunchilik tizimi o‘zaro yaqin bo‘lgan boshqa bir qator xorijiy va MDH davlatlarida ushbu muddatlar hali ham mavjud.
Rossiya (1 oydan kam bo‘lmagan va 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda);
Armaniston (1 oydan kam bo‘lmagan 3 oydan ko‘p bo‘lmagan);
Ozarbayjon va Qozog‘iston (1 oy muddatda).
Senatorlar nikohni qayd etishdagi muddatlarni o‘zgartirish chuqur tahlillarga asoslanishi lozim degan xulosaga kelishdi.
“Nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjudligi nikohdan o‘tuvchilarning o‘z qarorlarini puxta o‘ylab ko‘rishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan o‘tishga yo‘l qo‘ymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar bu qonunni rad qilishdi.
Yangiliklar lentasi
0