Mirziyoyev Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi

© Sputnik/Zafar XalilovToshkentda o‘tkazilayotgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya
Toshkentda o‘tkazilayotgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 26.07.2022
Obuna bo‘lish
Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, dedi Mirziyoyev.
TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, dedi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkentda o‘tkazilayotgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyadagi nutqida. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
“Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 1990-yillardagi xatolarni qayta takrorlamaydi, ularni chetlab o‘ta oladi va shunga erishish lozim. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Afg‘oniston hukumatini jahon hamjamiyatining asosiy talablariga rioya qilishga chaqirdi.
“Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qat’iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz. Bu muvaqqat hukumatga ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afg‘oniston uchun yon atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish bo‘yicha aniq istiqbollarni ochadi”, deya ta’kidladi prezident.
Bundan tashqari, davlat rahbari Afg‘onistonning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi muhimligiga e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, yaqinda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya ham Afg‘onistonda tinchlikni saqlash xalqaro xavfsizlikni ta’minlash uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqlagan.
“Biz, butun xalqaro hamjamiyat afg‘on xalqi bilan birdamlikni namoyon etishimiz zarur. Biz o‘z sa’y-harakatlarimizni Afg‘onistonni tinch, barqaror va gullab-yashnayotgan, terrorizm, urush va narkotik moddalardan xoli mamlakatga aylantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga safarbar qilishimiz lozim. Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yo‘nalishimizga aylanishi kerak, bu jafokash afg‘on zaminida mustahkam tinchlik o‘rnatishning muhim sharti hisoblandi. Bu yo‘nalish, xususan, mazkur mamlakatning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini, infratuzilmalarga oid va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi”, dedi Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, bugun, 26-iyul kuni Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Afg‘oniston: Xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. U ikki kun davom etadi.
Nufuzli tadbirda 20 dan ortiq davlatning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari, o‘nlab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Afg‘oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Unda Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklash, afg‘on xalqining hozirgi va kelgusi avlodlari uchun uzoq kutilgan tinch hayotni ta’minlashga qaratilgan infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish va boshqa bir qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, xalqaro konferensiya doirasida qo‘shni Afg‘onistonda iqtisodiy barqarorlikni tiklashga qaratilgan gumanitar va infratuzilma loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.
Yangiliklar lentasi
0