Markaziy bank asosiy stavka nega 15 foizgacha pasaytirilganini tushuntirdi

© Sputnik / Zafar XalilovTashkent. Sentralniy bank Uzbekistana
Tashkent. Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.07.2022
Obuna bo‘lish
Kelgusi oylarda narxlar va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning kutilayotgan dinamikalaridan kelib chiqib asosiy stavka 1 foizga tushirilgan.
TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. Markaziy bank boshqaruvining 2022-yil 21-iyuldagi yig‘ilishida asosiy stavka yillik 16 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi.
Regulyator bayonotiga ko‘ra, may-iyul oylarida qisqa muddatli tashqi shoklar ta’sirini pasayishi hisobiga makroiqtisodiy holatning nisbatan barqarorlashishi hamda tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish bo‘yicha kutilmalarning ortda qolishi 2022-yil yakunida inflyatsiya darajasining 12-14 foizlik prognoz koridorining medianisidan pastroq, ya’ni quyi chegarasiga yaqin shakllanish ehtimollarini oshirmoqda.
Bu o‘z navbatida, inflyatsiyaning aprel oyidagi prognoz darajasidan qisqa muddatli omillar ta’siri va kutilmalar bo‘yicha qo‘shilgan yuklamani olib tashlash va shunga mos ravishda, pul-kredit sharoitlarini ham o‘zgartirish imkonini beradi.
“Inflyatsion kutilmalarning shakllangan trendlari hamda kelgusi oylarda narxlar va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning kutilayotgan dinamikalaridan kelib chiqib boshqaruv yig‘ilishida asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajasida belgilandi”, - deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, global inflyatsion jarayonlarning davom etayotganligini inobatga olib, narxlarga monetar omillar ta’sirini minimal darajada saqlab qolish, milliy valyutadagi aktivlarning nisbiy ustunligini ta’minlab borish maqsadida yil so‘ngigacha “nisbatan qat’iy” pul-kredit sharoitlari saqlab qolinadi.
May-iyul oylarida tashqi iqtisodiy sharoitlar mamlakat iqtisodiyoti uchun nisbatan mo‘tadil shakllandi.
Real samarali almashuv kursi iyun oyida may oyiga nisbatan qariyb 0,2 foizga qadrsizlandi.
Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha eksport tushumlarida ham, import uchun to‘lovlarda ham o‘suvchi tendensiyalar kuzatildi. Ikkinchi chorakda eksport tushumlari birinchi chorakka nisbatan 41 foizga, import to‘lovlari esa 19 foizga oshdi.
Aprel-iyun oylarida mamlakatga (eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va xorijiy valyutadagi kreditlar kanallari orqali) kirib kelgan valyuta oqimlarining har yili kuzatiladigan mavsumiy o‘sish darajasidan ham yuqori bo‘lganligi ichki valyuta bozorida taklif hajmini qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, ikkinchi chorakda banklar va xo‘jalik subyektlarining valyuta sotuvi birinchi chorakka nisbatan 1,8 barobarga oshdi.

Ichki iqtisodiy sharoitlar

Bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning I yarim yillik yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish real hisobda 5,4 foizni tashkil etib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga (7,2 foiz) nisbatan past va aprel oyi prognozlariga (3,5-4,5 foiz) nisbatan esa yuqori darajalarda shakllandi.
Qishloq xo‘jaligi, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va chakana savdo sohalarida o‘tgan yilga nisbatan yuqoriroq o‘sish sur’atlari kuzatildi. Ushbu tendensiyalarning saqlanib qolishi kelgusi oylarda narxlar shakllanishiga ijobiy ta’sir etishi kutilmoqda.
I yarim yillikda oylik va nafaqalarning oshirilishi hisobiga iqtisodiyotda o‘rtacha nominal ish haqilarning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli oshishi kuzatildi va bu, o‘z navbatida, ichki talabni rag‘batlantiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi.
Ushbu davrda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizga ko‘p kreditlar ajratilgan.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Iyun oyida yillik inflyatsiya sur’ati 12,2 foizni tashkil etib, ushbu o‘sish asosan global inflyatsion jarayonlar sharoitida import inflyatsiyasi, tovarlarni yetkazib berish va logistikasida yuzaga kelayotgan muammolar va g‘alla yetishtirish va sotish narxlarining erkinlashtirilishi kabi omillar bilan izohlanadi.
Yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,5 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 6,8 foizga qimmatlashdi.
Bu o‘z navbatida, umumiy inflyatsiyaning pasayib borishida oziq-ovqat narxlarining barqarorlashuviga asosiy e’tiborni qaratishni taqozo etadi.
“Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha aholi vakillarining inflyatsion kutilmalari may oyidagi keskin o‘sishdan keyin (17,6 foiz) pasayuvchi dinamikani ko‘rsatib, 16,4 foiz atrofida shakllangan bo‘lsa, tadbirkorlik subyektlariniki 15,7 foizgacha pasaydi (may oyida 17,3 foiz)”, - deyilgan xabarda.
Iste’mol narxlari o‘zgarishining haftalik kuzatuvlari, haftalik o‘sish sur’atlari may oyinig oxirgi va iyun oyining boshidagi haftalarida eng yuqori o‘sish nuqtalaridan o‘tib, iyul oyining dastlabki 2 haftasida nisbatan barqarorlashganligini ko‘rsatmoqda.

Pul-kredit sharoitlari

Asosiy stavkaning pasaytirilishi natijasida iyun oyida banklararo pul bozorida o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi may oyidagi 18 foizdan 17,1 foizgacha pasaydi. Iyun oyida Uzonia indeksi asosiy stavka bilan yuqori foiz koridori oralig‘ida – 17 foiz atrofida shakllandi.
Pul bozorida nisbatan uzoqroq muddatli bir oydan uch oygacha bo‘lgan operatsiyalar bo‘yicha foizlar may oyidagi 19,6 foizdan iyun oyida 18,9 foizgacha pasayishi kuzatildi.
2022 yil iyunda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha esa 17,7 foizni tashkil etdi. Depozitlarning real foiz stavkalari aholi omonatlari bo‘yicha 7,8 foiz va yuridik shaxslar depozitlari bo‘yicha 4,9 foiz darajasida shakllandi. Aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari II chorakda 21 foizga va yil boshiga nisbatan 30 foizga ko‘paydi.
Iqtisodiyotga milliy valyutada yo‘naltirilgan kreditlarning foiz stavkalarida ham may oyidagi ko‘rsatkichlarga (23 foiz) nisbatan pasayish kuzatilib, o‘rtacha 22,8 foizni tashkil etdi.

Makroiqtisodiy prognozlar

Ta’kidlanishicha, birinchi yarim yillikda jahon va ichki iqtisodiyotda kuzatilgan holat mazkur davrda yuz bergan geosiyosiy vaziyat hisobiga keskin shok va noaniqliklar ta’sirida makroiqtisodiy rivojlanishning hech bir ssenariysida ko‘zda tutilmagan tarzda shakllandi.
Markaziy bank tashqi iqtisodiy vaziyatlar bo‘yicha noaniqliklar, yalpi talabni shakllanishi va taklif bo‘yicha kutilayotgan tendensiyalarni inobatga olib, 2022-yil uchun mo‘ljallangan makroiqtisodiy rivojlanish prognozlarini qayta ko‘rib chiqqan.
Yuzaga kelayotgan inflyatsion jarayonlar, tartibga solinadigan narxlar oshirilishining keyinga qoldirilishi bilan bir qatorda mavjud noaniqliklar va xatarlarni inobatga olgan holda yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 12-14 foizlik koridorning quyi chegarasi atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
“Iqtisodiyotda mavjud zaxiralar va yalpi talabning joriy tendensiyalaridan kelib chiqib yil yakuni bo‘yicha YaIMning real o‘sishi 5,0-5,5 foiz atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda (aprel oyidagi prognoz 3,5-4,5 foiz)”, - deyiladi MB xabarida.
Bugungi qaror ta’sirida kelgusida shakllanadigan pul-kredit sharoitlari inflyatsiya prognozining pasayib borishi bilan real foiz stavkalarining ijobiyligini, milliy valyutadagi aktivlarning daromadliligi saqlanib qolishini ta’minlaydi.
Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlarni sinchkovlik bilan o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rib boradi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2022-yil 8-sentabr kuniga belgilangan.
Yangiliklar lentasi
0