Bolalarni davlat bog‘chalariga qabul qilish tartibi ma’lum qilindi

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaDetskiy sadik v Priaralye
Detskiy sadik v Priaralye  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.07.2022
Obuna bo‘lish
Ariza beruvchilar yo‘llanmalar olish uchun davlat xizmatlari markazlariga o‘zlari kelib murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)da ro‘yxatdan o‘tadi.
TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Adliya vazirligi bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibi haqida ma’lumot berdi.
Ota-onalar, ular o‘rnini bosuvchi shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar), bolalar yaqin qarindoshlari (bobosi, buvisi, voyaga yetgan akasi yoki opasi) yoki uchinchi shaxslar (ariza beruvchilar) yo‘llanmalar olish uchun davlat xizmatlari markazlariga o‘zlari kelib murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)da ro‘yxatdan o‘tadi.
Davlat xizmatidan kompleks tarzda foydalanish uchun FHDYo organiga tug‘ilishni qayd etish bilan bir vaqtda murojaat qilishlari ham mumkin.
So‘rovnoma to‘ldirilib, avtomatik ravishda Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimiga yuboriladi.
Tegishli tashkilot va guruhda bo‘sh o‘rin bo‘lganda – yo‘llanma shakllantiriladi, bo‘sh o‘rin bo‘lmaganda – so‘rovnoma tegishlicha umumiy yoki imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi hamda xabarnoma shakllantiriladi.
Imtiyozli ro‘yxatga kiritiladigan bolalar qatlami:
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar bolalari;
ko‘p bolali oilalar bolalari;
yetim bolalar yoki ota-onasi qarovisiz qolgan bolalar;
“Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollar bolalari;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlari bolalari;
talabalar va pedagoglar bolalari;
akalari yoki opalari ushbu muassasa tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar;
ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar.
Ariza beruvchi bolalarni tashkilotga qabul qilishni yo‘llanma shakllangandan so‘ng 15 ish kuni mobaynida rasmiylashtirmagan taqdirda, yo‘llanma haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Avvalroq endi oilaviy bog‘chalarga 3 yoshga to‘lmagan bolalar ham qabul qilinishi xabar qilingan edi.
Yangiliklar lentasi
0