Har bir shahar bosh reja asosida rivojlanadi - Shavkat Mirziyoyev

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.07.2022
Obuna bo‘lish
Ekspertlar tahliliga ko‘ra, "genplan"lar ishlab chiqilmasa, 2030-yilga kelib infratuzilma xarajatlari 2 baravarga oshadi, qishloq xo‘jaligi yerlari 30 ming gektarga kamayib ketadi.
TOShKENT, 7-iyul - Sputnik. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qurilish sohasi ildam rivojlandi, lekin shaharlarning bosh rejasini tuzish, loyihalash va qurilish sifati haligacha ortda qolmoqda. Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan majlisda ta’kidalandi.
So‘nggi besh yilda tuman va shahar bosh rejalarini ishlab chiqishga 510 milliard so‘m ajratilgani, biroq bugungi kunda 163 ta tuman va shaharning bosh rejasi ishlab chiqilishi zarur bo‘lsada, 83 ta tuman va shaharning bosh rejasi haligacha yakuniga yetkazilmagan.
Yoki, bosh rejasi bor hududlarda hamer ajratish vaqurilish “genplan”ga zid ravishda amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida respublikada 814 ta bunday holat aniqlangan. Ayniqsa Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Farg‘ona, Xorazm va Namangan viloyatlarida bunday holatlar soni ancha yuqori.
Yana bir muammo, 2007, 2008-yillarda ishlab chiqilgan bosh rejalarni qayta ko‘rib chiqish kerak. Chunki shaharlarda aholi soni rejadagidan ham ko‘payib ketgan. Masalan Namangan shahrining 2007-yilda tasdiqlangan bosh rejasida 2035-yilgacha aholi 630 ming nafarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, bugungi kunning o‘zida Namangan aholisi qariyb 1 millionga yetdi.
“Bir so‘z bilan aytganda, shaharlarning avval tasdiqlangan bosh rejalari aholi va iqtisodiyotning bugungi kundagi o‘sish sur’atlari, sanoat va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi talablariga mos emas”, dedi Prezident.
Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, “genplan”lar ishlab chiqilmasa, 2030-yilga kelib infratuzilma xarajatlari 2 baravarga oshadi hamda qishloq xo‘jaligi yerlari 30 ming gektarga kamayib ketadi.
“Umuman, qurilish bilan bo‘lib, arxitektura orqada qolib ketdi. Shu bois, mahalla, tuman (shahar), viloyat va respublika darajasida qurilish va loyihalash ishlarini tartibga solish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi”, dedi davlatimiz rahbari.
Hududlarning bosh rejalari va master rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha Respublika kengashi tuziladi.
Qurilish vazirligida Bosh arxitektor lavozimi joriy qilinib, unga vazirning birinchi o‘rinbosari maqomi beriladi.
Shuningdek, tuman va shahar qurilish bo‘limiga arxitektor rahbarlik qiladi va hududning bosh arxitektori bo‘ladi.
Respublika kengashiga Qurilish vazirligi Bosh arxitektori va Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi.
Viloyatlarda loyiha ofislari ochilib, ularga hokimning birinchi o‘rinbosari va viloyat bosh arxitektori bosh-qosh bo‘ladi.
Bosh va master rejalarni ishlab chiqish yangicha yondashuv asosida 3 ta bosqichdan iborat bo‘ladi.
1. Birinchi bosqichdaRespublika kengashi hududning ixtisoslashuvi, transport-logistika, sanoat va xizmat loyihalarini joylashtirish uchun yer va infratuzilmaga ehtiyoji va chegaralarini belgilaydigan Bosh sxemasini ishlab chiqadi.
Bunda yaqin (5 yillik), o‘rta (10 yillik) va uzoq (20 yillik) muddatlarda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik mezonlar asosida viloyatning rivojlanish ko‘rsatkichlari belgilanadi.
2. Ikkinchi bosqichda bosh sxemalar asosida loyiha ofisi hududning Bosh rejasini ishlab chiqadi. Bunda:
viloyatning ixtisoslashuviga qarab, sanoat, xizmat ko‘rsatish va aholi yashash punkti kabi zonalarga ajratiladi, yo‘llar vainfratuzilma tarmoqlarini taqsimlash ko‘zda tutiladi.
hududiy loyihalarni tasdiqlash, obyektlarga qo‘yilgan talablarni belgilashni viloyat bosh arxitektori vahokimning birinchi o‘rinbosari hal qiladi;
3. Uchinchi bosqichda bosh rejalarga asosan, viloyat, tuman va shahar bosh arxitektorlari va hokimning birinchi o‘rinbosarlari o‘z hududining master rejalarini tasdiqlaydi.
Bunda, ajratilgan zonalardagi maktab, bog‘cha, shifoxona, uy-joylar, savdo vaxizmat ko‘rsatish obyektlarining joylashuvi ko‘rsatiladi.
Lo‘nda qilib aytganda, Qurilish vazirligi qaysidir mahallada lotok qayerdan o‘tishi yoki bino qanday yoritilishi kerak, degan masalalar bilan shug‘ullanmaydi. Bular tuman va mahalla darajasida hal bo‘ladi.
Bosh sxema, Bosh reja va master rejalar ishlab chiqish uchun joriy yilda 200 milliard so‘m ajratiladi.
Mutasaddilarga 1-oktabrga qadar Respublika va Samarqand, Namangan vaToshkent viloyatlarining Boshsxema, Bosh reja va master rejalarini ishlab chiqishga xorijiy loyiha tashkilotlarini jalb qilish topshirildi.
Shuningdek, ikki oymuddatda:
master rejalarini ishlab chiqishda, aholi takliflarini jamlaydigan “Mening mahallam” platformasini ishga tushirish;
barcha tuman va shahar qurilish bo‘limlariga malakali arxitektorlarni rahbar etib tayinlash;
sohaga xususiy sektorni jalb qilish uchun bosh rejalar loyihasini tayyorlashga qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish tizimi to‘liq o‘zgarishi ta’kidlandi. Endilikda:
xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan loyihalarga Texnik kengash xulosasini olish tartibi bekor qilinadi;
xalqaro standartlar asosida xorijda ekspertizadan o‘tkazilgan loyihalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi;
shaharsozlik normalari va qoidalari kamida 2 baravarga qisqaradi hamda xalqaro meyorlarga moslashtiriladi;
shaharsozlik normalari va qoidalari har 3-4 yilda yangilanadi (amalda 7-8 yil).
Qurilishda tovarlar va xizmatlar narxlarini shakllantirish tizimi ham tartibga solinmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda qurilish va arxitektura nazorati tizimini qayta ko‘rib chiqish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.
“Ochiq aytish kerak, Qurilish inspeksiyasi tizimidagi 700 dan ziyod xodimlar samarali ishlamayapti. Inspeksiya o‘z faoliyatini ko‘proq jarima qo‘llashdan iborat, deb hisoblaydi. Vaholanki, qurilishdagi kamchiliklarning 70 foizi bir-birini takrorlaydi va ularni bemalol oldini olish mumkin.
Inspeksiya joriy yilda qurilayotgan 31 mingta obyektni to‘liq kunlik nazorat qilish imkoniyatiga ega emas. Sababi, barcha nazorat ishlari “qo‘lda” olib boriladi. Xavfni oldindan tahlil qiladigan tizim haligacha joriy etilmagan”, dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, Inspeksiya faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, uning ishi, avvalo, qurilishdagi tizimli kamchiliklar va ularning sabablarini tahlil qilish hamda ularni bartaraf etishga qaratiladi. Bundan buyon:
Qurilish vazirligi, viloyat, tuman va shaharlar bosh arxitektorlari “genplanlar” va master rejalar ustidan;
Inspeksiya qurilish sifati, muddati va loyiha bilan amaldagi ishning mosligini nazorat qilishga mas’ul bo‘ladi.
O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda qurilish sohasida erishilgan yutuqlar:
250 ming xonadonli 8 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar, 21 ming servis-xizmat ko‘rsatish va 10,5 ming ijtimoiy soha obyekti qurildi, 31 ming korxona tashkil etildi;
qurilishda ruxsat berish jarayonlari 17 tadan 6 tagacha, yer ajratishdan boshlab qurilishga ruxsat olishgacha bo‘lgan muddat 286 kundan 86 kunga qisqardi;
“Shaffof qurilish” dasturi yaratilib, tenderlarda qatnasha oladigan qurilish korxonalari soni 18 mingga yetdi;
natijada qurilish ishlari hajmi 4 baravarga oshib, 2021-yilda 107 trillion so‘mni, joriy yil 5 oyida esa 46 trillion so‘mni tashkil etdi.
“Ochiq aytish kerak, tadbirkorlarimiz qurilish qilish va qurilish materiallari ishlab chiqarishni o‘rganib oldi", - dedi prezident.
Yangiliklar lentasi
0