Musulmonlar idorasi Hayit namozi o‘qilmasligi haqidagi mish-mishlarni rad etdi

© Xokimiyat Surxandarinskoy oblastiPrazdnovanie Ramadan hayit v Uzbekistane
Prazdnovanie Ramadan hayit v Uzbekistane - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.07.2022
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda "Qurbon Hayiti namozi o‘qilmaydigan bo‘ldi" mazmunidagi xabarlar "asossiz va haqiqatga mos kelmasligini" ma’lum qildi.
TOShKENT, 5-iyul – Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qurbon hayiti namozi o‘qilmasligi, bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosi e’lon qilingani haqida xabarlar hech qanday asosga ega emas va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda idora Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aslida bundan bir yil avval pandemiya davrida – 2021-yil iyul oyida e’lon qilingan ma’lumot qayta, ya’ni takroran tarqatilmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi bunday fatvo chiqarmagan.
“O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish ko‘rsatkichlarida o‘zgarishlar bo‘layotgan bo‘lsa-da, lekin ommaviy tadbirlarni cheklash yuzasidan Respublika maxsus komissiyasining qarori e’lon qilingani yo‘q”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2022-yil 1-iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorda joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 9-iyul – shanba kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qaror inobatga olingan.
“Qarorga muvofiq, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda o‘tkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilandi. Qurbon hayiti namozini o‘qish yuzasidan biror o‘zgarish bo‘ladigan bo‘lsa, rasmiy nashrlarda e’lon qilinishini bildiramiz. Mo‘min-musulmonlardan asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bunday xabarlarni tarqatmaslikni iltimos qilamiz”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi aholi orasida asossiz va yolg‘on xabar tarqatish Islom dini ko‘rsatmasiga ko‘ra, katta gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini eslatib o‘tgan.
Yangiliklar lentasi
0