To‘qimachilik sanoatini rivojlantirish yo‘llari belgilab olindi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaTekstilnoe proizvodstvo v Uzbekistane
Tekstilnoe proizvodstvo v Uzbekistane - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.06.2022
Obuna bo‘lish
Besh yil avval O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta tolasining 40 % qayta ishlangan bo‘lsa, bugungi kunda 100 % - qayta ishlanmoqda.
TOShKENT, 30-iyun - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida paxtachilik va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish yo‘llari belgilab olindi.
Ushbu soha ham xomashyo, ham eksport va ham aholi bandligi uchun ulkan salohiyatga ega, faqat uni rivojlantirish uchun “ishning ko‘zini bilish” kerak, deb ta’kidladi prezident majlis boshida.
Sohani rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonda klaster tizimi joriy etilgan bo‘lib so‘nggi 3-yilda paxta-to‘qimachilik klasterlariga 30 trln. so‘mga yaqin investitsiya kiritilgan. Natijada ishlab chiqarish hajmi 2016-yilga nisbatan 5 barobarga, eksport - 4 barobarga o‘sib, qariyb 3 milliard dollarga yetdi.

Sohada muvaffaqiyatlar bilan baravar kamchiliklar ham bor

Xususan:
Tola yetishmovchiligi. Respublikada mavjud ishlab chiqarish quvvatlari uchun bu yil 300 ming tonna tola yetishmagan bo‘lsa, kelgusi 5-yilda ushbu ehtiyoj yana 600 ming tonnaga oshishi kutilmoqda.
Ip-kalavani qayta ishlash darajasi ham past – 23 foiz. Bu yiliga 9 milliard dollar daromad boy berilmoqda, degani.
Ish o‘rinlari kamligi - bugungi kunda to‘qimachilik tarmog‘ida 400 ming kishi mehnat qilmoqda. Agar butun tizim ilm va zamonaviy texnologiyalar asosida to‘g‘ri tashkil qilinsa, ish o‘rinlarini 1 millionga yetkazish mumkin.

Paxtachilikni rivojlantirish uchun

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarayotgani, hashoratlar ko‘payayotgani – g‘o‘zaning yangi navlarini hamda o‘g‘itlashni o‘zgartirish, gerbitsid va pestitsidlarni ham tartibga solishni talab qilmoqda.
Ushbu maqsadda prezident “Prezident huzurida Innovatsion rivojlanish vaziri boshchiligida Paxtachilik kengashi” tashkil etish taklifini bildirdi.

Bu kengash har yili hosildor va ertapishar navlarni hududlar kesimida ko‘paytirish va ekishni har bir klaster bo‘yicha belgilab beradi, iqlim va harorat o‘zgarishlariga mos bo‘lgan o‘g‘itlash sxemasini ishlab chiqadi, gerbitsid va pestitsidlar qo‘llashni tartibga oladi. Shuningdek, hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha har bir hududga mos agrotexnologiyalarni ishlab chiqadi. Buning uchun mazkur kengash huzurida ilmiy markaz ham tashkil qilinadi, - deyiladi bayonotda.

Shavkat Mirziyoyev suvni tejash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. So‘nggi ikki yilda yurtimizda 169 ming gektar paxta maydonlarida tomchilab sug‘orish joriy qilingan. Lekin ko‘p klasterlar, ayniqsa, fermerlar buni yo‘lga qo‘yishga qiynalmoqda. Chunki xarajati qimmat.
Muammoni hal qilish, tomchilab sug‘orish texnologiyasini narxini tushilish maqsadida elektron portalga barcha ta’minotchilarni kiritib, suv tejovchi texnologiyalar narxi va xizmatlar sifatini baholab boradigan shaffof tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

To‘qimachilik sanoatini rivojlantirish maqsadida

Yig‘ilishda tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada tadbirkorlarga keng sharoit yaratib berish uchun alohida industrial zonalar tashkil qilinishi belgilandi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ushbu majmualarni boshqarishga chet el kompaniyalarini va ishlab chiqarishga nufuzli brendlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

– Paxtamizga boykot bekor qilinganidan so‘ng, xorijiy kompaniyalar mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga, milliy mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirmoqda. Agar, hududlarimizga brendlar olib kirilmasa, mahalliy mahsulotlarimiz jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lishi qiyin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sohani rivojlantirish uchun quyidagilar amalga oshiriladi:
bo‘yalgan trikotaj mato va gazlama eksport qiluvchilarga 10 foizgacha miqdorda subsidiya berilishi;
chet elga tayyor mahsulot yetkazib berish uchun, buyurtmaga asosan, alohida aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi;
brendlar uchun zarur bo‘lgan furnitura va aksessuarlar ishlab chiqarish
bo‘yicha topshiriqlar berildi;
eksportchi korxonalarga aylanma mablag‘ uchun 5 million dollargacha resurslar tabaqalashtirilgan tartibda ajratiladi;
xorijda omborxonalarni ijaraga olish xarajatlarini qoplab berish uchun cheklangan maydon 100 kvadrat metrdan 500 kvadrat metrga oshiriladi. Bu maqsadlar uchun Eksportni rag‘batlantirish agentligiga 100 million dollar ajratiladi;
to‘qimachilik korxonalari moliyaviy hisobot bo‘yicha xalqaro standartlarga o‘tishi zarur. Chunki “bu dunyo bozoriga chiqish, xorijiy brendlar bilan ishlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar jalb qilishga zamin yaratadi”, – dedi prezident.
Undan tashqari soha uchun kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, To‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki yaxlit tizim asosida ishlab, yangi o‘quv yilidan “dual” ta’lim tizimi joriy qilinishi aytildi.
Yangiliklar lentasi
0