TIVda “yumshoq kuch” boshqarmasi tashkil etildi

© Sputnik / Zafar XalilovMID Uzbekistana
MID Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.06.2022
Obuna bo‘lish
Yangi bo‘linma O‘zbekistonning ijobiy imijini ilgari surish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida Madaniy-gumanitar aloqalar, turizm va sport masalalari boshqarmasi tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo”AA xabar berdi.
Ushbu bo‘linma madaniyat, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va turizm, gumanitar aloqalar sohalarida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Aytilishicha, bo‘linma O‘zbekistonning belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha tashqi siyosiy vazifalarini amalga oshiradi. Shuningdek, sivilizatsiyalarning global muloqotida mamlakatning faol pozitsiyasini ta’minlash va O‘zbekistonning ijobiy imijini ilgari surishda muvofiqlashtiruvchi o‘rin tutadi.
Xorijiy muzey fondlari, arxivlari va kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekistonning milliy madaniy va ilmiy meroslarini izlab topish, qaytarish, shu jumladan asl nusxalarning dublikatlarini olish orqali qaytarishda ishtirok etadi.
O‘zbek tili, madaniyati, tarixi, adabiyotini xorijda o‘rganish va taqdim etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashadi.
Boshqarma vakolatiga kiruvchi yo‘nalishlar bo‘yicha talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida akademik shartnomalar hamda memorandumlar tuzish choralarini ko‘radi.
Qolaversa, yangi boshqarma faoliyatida “yumshoq kuch”, xalq, madaniy va sport diplomatiyasi vositalaridan keng foydalanishga ustuvor ahamiyat beriladi.
1 iyuldan boshlab Tashqi ishlar vaziri maslahatchisiAnvar Abduhalimov bir vaqtning o‘zida ushbu boshqarmaga rahbarlik qiladi.
Ma’lumot uchun, Anvar Abduhalimov 1986-yilda Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. Xorijda tarjimon bo‘lib ishlagan, o‘qituvchilik bilan shug‘ullangan, Mehnat vazirligida faoliyat ko‘rsatgan. U 1999-yildan boshlab TIV Markaziy apparatida va chet eldagi diplomatik vakolatxonalarda turli lavozimlarda mehnat qilgan. Anvar Abdurahimov 2018-2021 yillarda O‘zbekistonning O‘mon Sultonligidagi elchisi lavozimida ishlagan.
Yangiliklar lentasi
0