Mirziyoyev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi
14:21 20.06.2022 (yangilandi: 14:22 20.06.2022)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Konstitutsiyaga kiritilishi shart bo‘lgan normalarni sanab o‘tdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Parlament tomonidan ishlab chiqilgan Konstitutsiya loyihasi referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinadi.
TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Prezident Komissiya taklifi asosida Parlament tomonidan ishlab chiqilgan loyihani umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishni hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etdi.
Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari ishtirokidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.
“Biz Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha yangi va juda mas’uliyatli bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz”, deydi prezident.
Qayd etilishicha, bugungi kun holatiga ko‘ra, Komissiyaga fuqarolardan 48 ming 492 ta taklif kelib tushgan.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar chuqur muhokamadan o‘tkazildi va hozirda Qonunchilik palatasiga kiritish bosqichida. Endi qonun, reglament asosida muhokamalardan o‘tkaziladi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda o‘lim jazosi tayinlanadigan jinoyatlar sonini bosqichma-bosqich kamaytirilib, bu jazo to‘liq bekor qilindi.
Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilmoqda.
Prezident mavzuni davom ettirib, o‘z so‘zida “Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda ham ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qo‘llash lozim.
Ya’ni, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart.
Bundan tashqari, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zarurligi aytib o‘tildi. Shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi qo‘shimcha qilindi.
Prezident tomonidan Konstitutsiyaga kiritilishi ilgari surilgan normalar:
Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emasligi;
Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi shartligi;
Har bir O‘zbekiston fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi shart. Har bir fuqaroga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim.
“O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani mustahkamlash. Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi;
Uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishi;
Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini;
Qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmon fondi davlat tasarrufida bo‘lib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomasi asosida berilishi;
Oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanishi;
Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni yaratadi;
Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har qanday ajratib qo‘yish, ularning huquqlarini cheklash, obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bosh tortish taqiqlanadi;
Davlat ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni va teng imkoniyatlarni yaratadi;
Alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi;
Har bir shaxsning qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun munosib haq olish huquqini mustahkamlash, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishi;
Homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi;
Bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik;
Davlat chet elda yashayotgan va ishlayotgan fuqarolarimiz hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida g‘amxo‘rlik qilishi;
Konstitutsiyada ekologik-huquqiy normalar o‘z ifodasini topishi lozimligi qayd etildi.
"Davlatning erkaklar va ayollar, oilalar va bolalar, yoshlar va nuroniylar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida bo‘lishidan qat’i nazar, barcha insonlar haqida qayg‘urishi Konstitutsiyada mustahkamlanishi zarur", deydi prezident.
Aytilishicha, Bosh qomusda davlat maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy ta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berishi bilan bog‘liq normalar ham bo‘lishi lozim.
Ustozga bo‘lgan yuksak ehtirom ham o‘z ifodasini topishi zarur.
Shuningdek, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmacligini Konstitutsiya darajasida belgilash qayd etildi.
Prezident mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilab qo‘yish shuningdek, “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamizda aniq mustahkamlab qo‘yishni taklif etdi.
"Men Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazishni taklif etaman. Misol uchun, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bu orqali Hisob palatasi Davlat budjeti shakllanishi va ijrosini ta’minlashda parlament nazoratining muhim vositasiga aylanadi", deydi prezident.
Hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoida Konstitutsiyadan chiqarib tashlanadi.
Konstitutsiyaga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etish taklif etildi. Unga ko‘ra, mazkur institut doirasida 100 ming kishidan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolar o‘z qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shu asosda endi xalq bevosita qonun ijodkori sifatida tashabbus ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritadi. Qayd etilishicha, mazkur yangi qonunchilik takliflarini kiritish institutini Oliy Majlis Senati, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasiga ham berish vaqti keldi.
Aytilishicha, konstitutsiyada fuqarolar va yuridik shaxslarning muayan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqishni Konstitutsiyaviy sudning vakolatida aks ettirish maqsadga muvofiq.
O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini yangi tahrirda ishlab chiqib, Konstitutsiyaviy qonun shaklida qabul qilishni taklif etildi.
Referendumni o‘tkazish tashabbusi bilan quyidagilar chiqishi mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari;
O‘zbekiston Prezidenti.
Agarda prezidenti referendum o‘tkazish tashabbuskori bo‘lsa, u holda u Oliy Majlisga murojaat etishi yoki referendum o‘tkazish to‘g‘risida o‘z qarorini qabul qilishi mumkin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi referendum o‘tkazish tashabbusini ko‘rsatish to‘g‘risidagi materiallarni va mas’ul qo‘mitaning xulosasini ikki hafta ichida ko‘rib chiqadi.
Referendum masalasiga doir qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida Senatga, shuningdek referendum o‘tkazish tashabbuskorlariga yuboriladi.
Referendumni o‘tkazish va referendum o‘tkaziladigan sanani tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilgandan so‘ng, kechi bilan uch kun ichida matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Referendum o‘tkazish sanasi bir yarim oydan uch oygacha bo‘lgan davrda istalgan kunga tayinlanishi mumkin.
2002 yil 27-yanvarda O‘zbekistonda referendum o‘tkazilgan.
Unda, “Siz kelgusi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi parlamenti ikki palatali qilib saylanishiga rozimisiz?” degan birinchi savolga ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning 11 mln 344 ming 242 nafari (93,65 %) yoqlab, 768 ming 828 nafari (6,35%) qarshi ovoz bergan.
“Siz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini besh yildan yetti yil qilib o‘zgartirishga rozimisiz?” degan ikkinchi savolga esa 91,78 % yoqlab, 8,22 % qarshi ovoz berilgan.