Milliy kutubxona Rossiyaning nufuzli kutubxonalari bilan memorandum imzoladi
10:06 18.06.2022 (yangilandi: 18:37 05.04.2023)
Obuna bo‘lish
Imzolangan memorandumlar axborot almashish, elektron kataloglar yaratish, elektron resurslarni raqamlashtirish va boshqa sohalarda hamkorlikni nazarda tutadi.
TOShKENT, 18-iyun - Sputnik. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi M.E.Saltikov-Shedrin nomidagi Rossiya Milliy kutubxonasi, B.N.Yelsin nomidagi Prezident kutubxonasi va V.V.Mayakovskiy nomidagi Sankt-Peterburg markaziy shahar ommaviy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Imzolangan memorandumlar quyidagi yo‘nalishlarda tajriba va ilmiy yutuqlar almashinuvini ko‘zda tutadi:
kitob va kitobxonlik sohasida ilmiy-tadqiqot, uslubiy, axborot va ma’rifiy faoliyatni amalga oshiruvchi Mutolaa markazining ishlash tizimi;
ommaviy kutubxonalar markazlashtirilgan tarmog‘ining axborot-uslubiy va muvofiqlashtiruvchi funksiyalarini samarali amalga oshirish hamda ommaviy kutubxonalar faoliyatini monitoring qilish tizimini tashkil etish masalalari;
elektron kataloglarni yaratish va yuritish, axborot-kutubxona tarmoqlarini rivojlantirishda namunaviy model sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan yirik hajmli elektron resurslarni raqamlashtirish va saqlash uslubiyatini shakllantirish;
shaharning davlat, ijtimoiy va tijorat raqamli xizmatlaridan, shu jumladan, shahar ommaviy kutubxonalaridan foydalanishni ta’minlaydigan "Peterburg fuqarosining yagona kartasi" loyihasini tashkil etish. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha amaliy tajribalarni almashish respublika kitobxonlariga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishning yagona (korporativ) tizimini yaratish imkoniyatlarini maqbullashtiradi;
kutubxonashunoslik, kitobshunoslik, kutubxona fondlarini restavratsiya qilish va konservatsiya qilish sohasida hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish.
Har bir kutubxona bilan maqsadlar, amalga oshirish mexanizmlarii va belgilangan vazifalarni amalga oshirish muddatlariga aniqlik kiritgan holda o‘zaro hamkorlikning konkret yo‘nalishlari bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Memorandum, 15-18 iyun kunlari Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tayotgan "Yangi dunyo – yangi imkoniyatlar" XXV Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida imzolandi.