Texnikum va kollej o‘quvchilari uchun imtiyozli ta’lim krediti joriy etiladi

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovNatsionalnaya valyuta Uzbekistana — sum
Natsionalnaya valyuta Uzbekistana — sum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.06.2022
Obuna bo‘lish
Kelgusi yildan texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish tizimi bekor qilinadi.
TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun joriy etilgan imtiyozli ta’lim krediti yangi o‘quv yilidan texnikum va kollej o‘quvchilari uchun ham joriy etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini kasb-hunarga o‘qitishga bag‘ishlangan yig‘ilishda Moliya vazirligiga tegishli topshiriq berdi.
Shuningdek, kollej va texnikumlarda o‘qish uchun davlat grantlari va ehtiyojmand oila a’zolari uchun subsidiyalar ko‘paytiriladi.
Oliy ta’lim vazirligiga ikki oy muddatda 207 ta texnikum faoliyatini o‘rganib, samarasiz ishlayotgan 70 ta texnikumni tugatishga topshiriq berildi.
Ularning 25 tasi monomarkazlar tashkil etish uchun Bandlik vazirligiga o‘tkaziladi, qolgan 45 tasi negizida kasb-hunar maktablari tashkil etiladi.
Oliy ta’lim vazirligiga ayrim ta’lim yo‘nalishlarini oliygohdan texnikumga berish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Misol uchun, Iqtisodiyot universitetida turizm menejmenti, reklama ishi, mehnat muhofazasi, Transport universiteti va Andijon mashinasozlik institutidagi avtomobil servisi yo‘nalishlarini texnikumlarga o‘tkazish bo‘yicha yetarli baza mavjud. Bunday kasblar o‘nlab topiladi.
Shu bois, texnikumlari mavjud 62 ta oliygoh rektorlariga:
- oliygohlarda o‘qitilayotgan kamida 60 ta yo‘nalishni texnikumlarga o‘tkazish;
- texnikumlarni o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari va darsliklar bilan ta’minlash;
- texnikumlarda o‘zining kafedralari filiallari va o‘quv laboratoriyalarini tashkil etish topshirildi.
Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.
“Umuman, texnikumlarga bo‘lgan yondashuvlarni o‘zgartirish kerak. Ular oliygohga kirishning oson yo‘li emas, murakkab kasb beradigan, mehnat bozorida raqobat qiladigan tizim bo‘lishi kerak”, - dedi davlat rahbari.
Kelgusi yildan texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, 2021/2022-o‘quv yilidan barcha oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt to‘lov asosida tahsil olish uchun kredit ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, tijorat banklari Markaziy bankning asosiy stavkasida ta’lim krediti ajratadi. Talaba kreditni o‘qishni rasman tamomlagach, yettinchi oydan boshlab yetti yil davomida qaytaradi.
Texnikum bitiruvchilari uchun OTMdagi ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi
Yangiliklar lentasi
0