FVV: 5 oy ichida yong‘in oqibatida 48 kishi halok bo‘ldi

© Sputnik / Ilya Pitalev / Mediabankka o‘tishPojar na sklade, arxivnoe foto
Pojar na sklade, arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.06.2022
Obuna bo‘lish
Aksariyat hollarda aholi yashash joylaridagi yong‘inlar maishiy konditsioner va muzlatkichlardan hamda tozalanmagan quruq o‘tlarning yonishidan kelib chiqqan.
TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. 2022 yilning dastlabki 5 oyida O‘zbekistonda 3 449 ta yong‘in yuz berdi. Oqibatda 82 kishi tan jarohati oldi, 48 kishi esa halok bo‘ldi. Bu haqda AOKAda o‘tgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan 5 oy davrida respublikada yuz bergan yong‘inlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 567 taga (2021 yil 5 oyda 4 016 ta, 2022-yil 5 oyda 3 449 ta), tan jarohati olganlar soni 26 nafarga (2021 yil 5 oyda 108 ta, 2022-yil 5 oyda 82 ta), halok bo‘lganlar esa 8 nafar (2021 yil 5 oyda 54 ta, 2022-yil 5 oyda 48 ta)ga kamaygan.
Muzaffarovga ko‘ra, kunlarning keskin isib ketishi evaziga yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilinmaslik oqibatida yuz berayotgan yong‘inlar tashvishli hisoblanmoqda. May oyi va iyun oyining birinchi o‘n kunligida yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyat faollashgan. Ushbu davrda sodir bo‘lgan yong‘inlar 981 tani tashkil etib, 106 tasi qurigan o‘simliklarning yonishi, 665 tasi aholi turar joylari va 210 tasi boshqa obyektlarga to‘g‘ri kelgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat hollarda aholi yashash joylaridagi yong‘inlar maishiy konditsioner va muzlatkichlardan hamda tozalanmagan quruq o‘tlarning yonishidan kelib chiqayotgani ma’lum bo‘lgan.
Bunday jazirama paytlarda inson uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida, havoni salqinlatuvchi turli elektr qurilmalardan, ayniqsa, konditsionerlardan foydalanishi darajasi ortishi tabiiy. Biroq, konditsionerdan uzoq muddat qarovsiz foydalanish, elektr ta’minoti qoidalariga rioya etmaslik, bitta elektr iste’molchi uchun mo‘ljallangan elektr toki manbalariga katta quvvatga ega bir-nechta iste’molchilarning ulanishi, elektr kabellarning qizishi va oqibatida manfiy va musbat simlarning qisqa tutashuviga olib kelib, yong‘in chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli, har bir maishiy texnikaning sozbo‘lishi, uning xizmat ko‘rsatish muddati va uzoq vaqt davomida nazoratsiz qoldirilmask muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, kunlarning keskin isib ketishi munosabati bilan, korxona va tashkilot rahbarlari hamda fuqarolar o‘z hududlarini qurigan o‘simliklardan tozalashlari, ularni yoqmasliklari lozim.
Bundan tashqari, yonuvchan gaz, neft, neft mahsulotlari va shu kabi portlab-yonish xavfliligi jihatidan xavfli bo‘lgan moddalar hamda materiallarni qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilishga mo‘ljallangan obyekt rahbarlari tomonidan:
yer ustida joylashgan sig‘imlarning sirtini quyosh nurini qaytaruvchi bo‘yoqlar bilan bo‘yalganligi;
nafas olish klapanlarining sozligi;
portlashdan xavfli yer ustidagi jihozlarga tutash maydonlarning qurigan o‘simliklardan tozalanganligi;
korxonalar hududida chekish va ochiq olovdan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha qat’iy rejim o‘rnatilganligi;
yetarli miqdorda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlanganligi;
yong‘inga qarshi suv ta’minotining hamda yong‘in o‘chirish texnikalarining (motopompa, yong‘in o‘chirish avtomobillari) doimo soz holatda bo‘lishining ta’minlanganligiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Yangiliklar lentasi
0