Ertadan boshlab noyob astronomik hodisa - “sayyoralar paradi”ni kuzatish mumkin

© NASA / JPL-CaltechPat planet vistroilis v rad na seliy mesas
Pat planet vistroilis v rad na seliy mesas - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.06.2022
Obuna bo‘lish
Ushbu noyob astronomik hodisa iyul oyi oxirigacha davom etadi.
TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. 11 iyundan noyob astronomik hodisa, 170-yilda bir marta sodir bo‘ladigan katta sayyoralar paradini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti xabar berdi.
Aytilishicha, hozirgi kunlarda katta sayyoralar paradi sodir bo‘lmoqda. Bu hodisada Quyosh sistemasidagi 7 ta sayyora ishtirok etmoqda va ular Yerdan turib kuzatilganda bir-biriga yaqin burchak masofada ko‘rinadi.
Ushbu sayyoralar paradida Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun sayyoralari ishtirok etmoqda.
“Bulardan Uran va Neptun juda xiraligi uchun bizga ko‘rinmaydi, lekin qolgan 5 ta sayyoralarini oddiy ko‘z orqali bemalol ko‘rishimiz mumkin”, deyiladi xabarda.
Paradning 11-iyundagi ko‘rinishi
Bu sayyoralar taxminan 90 gradus maydonga o‘zaro joylashadi. Ushbu paradda 11-iyun hisobiga ko‘ra taxminan tungi soat 3:45 dan to Quyosh chiqishi vaqtiga qadar bir vaqtning o‘zida 4 ta sayyorani Venera, Mars, Yupiter va Saturn sayyoralarini janubiy-sharq tomonda ko‘rish mumkin.
20 iyun kuni ushbu sayyoralar paradiga Oy ham qo‘shiladi. Ushbu astronomik hodisani tongga yaqin Quyosh chiqmasdan avval osmonning janubiy-sharq tomonda ko‘rsa bo‘ladi.
Paradning 19-25 iyun kunlaridagi ko‘rinishi
Ushbu paradda Merkuriy sayyorasi ham ishtirok etmoqda, lekin uning gorizontdan balandligi juda kichikligi uchun dastavval ko‘zga ko‘rinmaydi. Keyinchalik taxminan 19-25 iyun kunlari balandligi ortishini hisobiga Merkuriyni ham gorizontdan yuqoriroqda Veneraning chap tomonida ko‘rish mumkin bo‘ladi.
24 iyunda taxminan ertalabki soat 4 lardan boshlab 6 ta osmon jismi: Merkuriy, Venera, Oy, Mars, Yupiter, Saturnlarni bir vaqtning o‘zida osmonning janubiy-sharq tomonda ko‘rinadi.
Ushbu noyob astronomik hodisa iyul oyi oxirigacha davom etadi.
“Astronomik hodisalar, jumladan ushbu sayyoralar paradi inson taqdiriga, kelajagiga hech qanday ta’sir qilmaydi. Bu noyob astronomik hodisa xolos – bu hodisani shunchaki kuzatish va undan zavq olish kerak”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, sayyoralar paradi bu noyob astronomik hodisalardan biri hisoblanadi. Bunda 2 va undan ortiq sayyoralar bir to‘g‘ri chiziqda yoki bir-biriga yaqin burchak masofada joylashadi.
Sayyoralar paradi ikki guruhga bo‘linadi. Birinchi guruh kichik sayyoralar paradi deb ataladi va unda 4 tagacha sayyoralar qatnashadi. Kichik sayyoralar paradi bir yilda bir marta sodir bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi guruh esa katta sayyoralar paradi deb ataladi, bunda 5 ta yoki undan ortiq sayyoralar bir-biriga yaqin burchak masofaga kelishadi. Ushbu hodisa 18-20 yilda bir marta sodir bo‘ladi. Bundan tashqari, Quyosh sistemasidagi 8 ta sayyora ishtirokidagi parad ham bo‘lishi mumkin, bu noyob astronomik hodisa 170-yilda bir marta sodir bo‘ladi.
Yangiliklar lentasi
0