Bu yil prezident maktablariga qancha o‘quvchi qabul qilinishi ma’lum bo‘ldi
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezidentskaya shkola v Tashkente
Obuna bo‘lish
Prezident ta’lim muassasalariga 2022-2023 o‘quv yili uchun 75 mingga yaqin kvota ajratildi.
TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Prezident ta’lim muassasalariga 2022-2023 o‘quv yili uchun 75 mingga yaqin kvota ajratildi. Bu haqda Prezident ta’lim muassasalari agentligi Qabul komissiyasi raisi Alisher Ubbiyev O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Prezident ta’lim muassasalariga 5-11-sinf o‘quvchilariga 2022-2023 o‘quv yili uchun jami 75 mingga yaqin kvota ajratilgan. Xususan, prezident maktablarining har biriga 24 o‘quvchi, jami 336 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilinadi. Tayanch maktablariga ham alohida kvota belgilangan. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktab 120 o‘quvchi qabul qiladi. Abu Ali ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga esa 40 tadan kvota berildi”, deydi Alisher Ubbiyev.
Uning ta’kidlashicha, joriy yildan boshlab 14 ta prezident maktabiga o‘g‘il-qizlar faqat 5-sinfdan boshlab olinadi. Hozirgacha mazkur maktablarga 4 mingga yaqin, Ixtisoslashtirilgan maktablarga 10 mingdan ziyod hujjat qabul qilingan.
“Bundan buyon har yili 5-sinfga hujjat qabul qilinadi. Imtihonlar ikki bosqichda o‘tadi. Har bir maktab uchun birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan 480 nafar yuqori ball to‘plagan o‘quvchi saralab olinadi va ikkinchi bosqichga o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichdan keyin 24 o‘quvchi tanlab olinadi”, deydi qabul komissiyasi raisi.
Alisher Ubbiyevning so‘zlariga ko‘ra, hozir mamlakatda faoliyat yuritayotgan 9 ta ijod maktabiga faqat 7-sinfga hujjat qabul qilinadi. Yangi ochilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarda esa bu yil istisno tariqasida 5-11-sinflar ham qabul qilinadi.
“Hududiy mansubligi yo‘q maktablar ham mavjud. Masalan, Ijod maktablari va Toshkent shahrida joylashgan uchta tayanch maktabi – Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga hududiy mansubligidan qat’i nazar hujjat topshirish mumkin. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktabga 5-sinfdan, qolgan ikki ixtisoslashtirilgan maktabga esa 7-sinfdan o‘quvchi qabul qilinadi”, deya qo‘shimcha qildi u.