Rossiyalik olimlar saratonga qarshi zarari kam dori o‘ylab topishdi

© Adobe stock/catalinOnkologiya
Onkologiya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.06.2022
Obuna bo‘lish
Olimlarning fikricha, preparat organizmdagi sog‘lom hujayralar uchun zaharli bo‘lmaydi.
TOShKENT, 6-iyun – Sputnik. Moskva elektron texnika milliy izlanishlar universiteti - NIU MIET o‘pka saratoniga qarshi yangi samarali dori o‘ylab topishdi. Polshalik hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan dori organik majmuaga asoslangan.
Undan foydalanish tartibi oddiy hamda saratonga qarshi aksariyat dorilardan farqli o‘laroq sog‘lom hujayralarga kam zarar yetkazadi, deb yozadi “RIA Novosti” Xalqaro Molekulyar fanlar jurnaliga tayanib.
Rossiyalik va polshalik tadqiqotchilar yuqori antitumor faollikka ega istiqbolli birikmani sintez qilishdi. Ularning fikricha, ushbu modda asosida o‘pka saratoniga qarshi kurashadigan, sog‘lom hujayralar uchun zaharli bo‘lmagan yangi samarali dori yaratish mumkin.
"Ishlab chiqish organik ligand molekulalariga asoslangan bo‘lib, ularning faol qismi mis, rux va kadmiy kabi metall komplekslaridir. Biz kumush nanozarrachalarini jismoniy yotqizish orqali ularning xususiyatlarini oshirdik. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, kadmiy bilan komplekslar o‘simtaga qarshi eng yuqori faollikni namoyish etadi " - dedi NIU MIET dotsenti Sergey Dubkov.
MIETda ishlab chiqilgan texnologiya bo‘yicha kompleks tarkibiga kiruvchi kumush nanozarrachalar preparatning membranaga kirib borishiga va saraton hujayralarining ichki qismlarida to‘planib, ularni ichkaridan yo‘q qilishga yordam beradi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ular taklif qilayotgan kompleks asosidagi vosita "aqlli" yetkazib berish texnologiyalari yordamida saraton hujayralariga yetib boradi.
“Tadqiqotlar kumush nanozarrachalar kompleksning hujayraning deyarli barcha elementlari, jumladan, mitoxondriya, yadro va endoplazmatik to‘rga nisbatan ta’sirining kuchayishiga olib kelishini ko‘rsatdi”, — deya qo‘shimcha qildi Dubkov.
Ayni paytda bir guruh olimlar yangi preparatning o‘smaga qarshi xususiyatlarini oshirish bo‘yicha keyingi tadqiqotlar ustida ishlamoqda. Bu boradagi ishlar Ta’lim va fan vazirligining “Ustuvor vazifa – 2030” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘pka saratoni dunyoda tarqalishi bo‘yicha, ko‘krak saratonidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. O‘pka saratoni erkaklar orasida eng ko‘p uchraydi. Saraton kasalligining taxminan 80-90% chekish bilan bog‘liq.
Sisplatin asosidagi dorilar (kimoterapiyada qo‘llaniladigan dori) endi saraton kasalligini davolash uchun ishlatiladi. Ular saraton hujayralarining o‘sishini sekinlashtirishi va to‘xtatishi mumkin. Shuningdek, ushbu dorilar sog‘lom hujayralarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, bu esa tananing umumiy holatiga salbiy ta’sir qiladi.
Yangiliklar lentasi
0