Vodorodda harakatlanuvchi transport ishlab chiqiladi - Innovatsiyalar vazirligi
18:15 01.06.2022 (yangilandi: 18:30 01.06.2022)
© Commons.wikimedia / NbkfAvtomobil na vodorodnom toplive
Obuna bo‘lish
Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida amaliy ishlanmalar uchun 1,78 mlrd so‘m ajratildi.
TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda vodorod gazida harakatlanuvchi transport vositasining tajriba namunasi ishlab chiqiladi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi ma’lum qildi.
Brifingda aytilishicha, vazirlik Kanada, Gollandiya, Ispaniya, Germaniya, Italiya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, AQShning muqobil energetikani rivojlantirish sohasidagi siyosati va ilg‘or tajribalari o‘rganib chiqqan.
O‘rganish natijasida vazirlik taklifiga asosan prezidentning 5063-son qaror bilan Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutini va Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Markaz va respublika olimlari tomonidan vodorod vodorod ishlab chiqarish, saqlash, uzatish va undan energiya zahirasi sifatida foydalanish texnologiyalarini rivojlantirishni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Institut esa - vodorod energetikasi sohasida faoliyat yuritayotgan yosh olim va mutaxasisslarning xorijning yetakchi ilmiy muassasalarida stajirovka o‘tashini moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi.
Institutining qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida amaliy ishlanmalarni yaratishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish maqsadida vazirlik tomonidan 4 ta loyiha doirasida jami 1,78 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Undan tashqari, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab, Toshkent davlat texnika universitetining “Muqobil energiya manbalari (vodorod energetikasi)” mutaxassiligi qabul kvotasi oshirildi va 3-kursdan boshlab shu mutaxassislikning 10 tasini “Vodorod energetikasi” yo‘nalishiga ixtisoslashtirildi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2022-yil 25-mayda ishlab chiqilgan “Vodorod energetikasi texnologiyalari sohasida vodorodni olish, saqlash va tashish texnologiyalarini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi” Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
Quyoshning mujassamlashgan yorug‘lik oqimining issiqligi ta’sirida va katalizatorlar yordamida vodorod olish texnologiyasi yaratiladi va uning asosida 1700 gradus haroratda termokimoviy usulda vodorod olish qurilmasining tajriba namunasi ishlab chiqiladi;
Suvni elektroliz usulida parchalab, vodorod gazini ajratib olish jarayonida qo‘llaniladigan mahalliy xomashodan katalizator turlari yaratiladi;
Vodorod gazini saqlashga mo‘ljallangan mahalliy xomashodan foydalangan holda metalgidridlar namunalari yaratiladi hamda ularda saqlanayotgan vodorodni ajratib olish va qo‘llash texnologiyasi ishlab chiqiladi;
Ammiak va vodorodli yoqilg‘i elementlaridan foydalangan holda vodorod gazida harakatlanuvchi transport vositasining tajriba namunasi ishlab chiqiladi;
“Yashil” vodorod yoqilg‘isidan issiqlik va elektr energiyasini olishga mo‘ljallangan tajriba-pilot qurilmasi yaratiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining deyarli 90 foizi qazib olinadigan uglevodorodlar hisobiga ishlab chiqariladi.Ushbu resurslarni iste’mol qilishning hozirgi tendensiyalari va hajmlari saqlanib qolgan taqdirda, mamlakatda qazilma uglevodorod zaxiralari keyingi 20-30 yilga yetadi.
Aytish joizki, vodorodda harakatlanuvchi avtomobillar texnik jihatdan o‘ta murakkab hisoblanadi. Chunki ular aslida elektromobil, faqat elektr toki vodorod yordamida ishlab chiqiladi va batareyalarda jamlanadi. Keyin esa motorga uzatiladi. Ikkinchi muammo - vodorodli AYoQShlar qurish. Ehtimol, shu sababli vodorodli avtomobillar soni dunyoda juda kam - 2020-yilda - 33 mingda. 2020-yilda sotilgan elektromobillar soni esa - 3 milliondan ortiq. Lekin bularning barchasi jami sotilgan avtomobillarning 5 foizidan kam.
Quyida bugungi kunnning eng ommaviy vodorodli avtomobili (10 mingdan ortiq ishlab chiqilgan) Toyota Mirai qanday ishlashi haqida qiziqarli videolavhani tomosha qiling.