Birinchi iyundan nimalar o‘zgardi

© pexels.com/Anete LusinaZametki v kalendare
Zametki v kalendare - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.06.2022
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda 1-iyundan ish haqi miqdori 12 foizga oshirildi, ayrim nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa bilan birga stipendiya ham beriladi.
TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Adliya vazirligi 1-iyundan mamlakat qonunchiligida ro‘y beradigan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.
1. Ayrim yoshlar OTMga o‘qishga qabul qilishda test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etildi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar OTMga o‘qishga qabul qilishda o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi.
Markazlarda aholi va tadbirkorlarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi joylar tashkil etiladi.
2. Ish haqi miqdori oshirildi.
Prezident farmoni bilan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 12 foizga oshirildi.
O‘zbekiston hududida:
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 920 000 so‘m;
bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 300 000 so‘m etib belgilandi.
3. 38 turdagi davlat xizmatlarini YaIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
4. Yosh vatandoshlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badalini qoplashga subsidiya beriladi.
Xorijdagi nufuzli OTMda o‘qiyotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan O‘zbekiston yoshlari (yosh vatandoshlar)ga vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda ishlashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:
yosh vatandoshlar faoliyati davomida xizmat turar joylari bilan ta’minlanadi;
davlat organlari va tashkilotlarida kamida 2-yil ishlagan yosh vatandoshlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badali va foizlarning bir qismini qoplashga subsidiya beriladi.
5. Ayrim nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa bilan birga stipendiya ham beriladi.
“Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.
6. Davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining ish haqi oshirildi.
Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:
oliy va birinchi malaka toifalariga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;
ikkinchi malaka toifasiga ega va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;
tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshirildi.
7. Xodimlarga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida:
jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;
sayohat xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
8. Oilaviy poliklinika xodimlarining kunduzgi ish vaqti uzaytirilib, ularga qo‘shimcha ustama haqi to‘lanadi.
Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi.
Shuningdek, qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlanishi yo‘lga qo‘yiladi.
9. Ayrim xorijiy davlatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakili ish boshlaydi.
Rossiya, Turkiya hamda Qozog‘istonning tegishli hududlarida (12 ta) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi.
Yangiliklar lentasi
0