Birinchi iyuldan elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tiladi – tafsilotlar
16:27 31.05.2022 (yangilandi: 16:35 31.05.2022)
© Pixabay / jplenioLampochka, illyustrativnoe foto
© Pixabay / jplenio
Obuna bo‘lish
1 iyuldan elektr va gaz narxini ijtimoiy norma asosida oshirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, elektr energiyasi, gazni belgilangan normadan ko‘proq ishlatganlar ko‘proq pul to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
TOShKENT, 31-may — Sputnik. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qaror loyihasi bilan 2022-yil 1 iyuldan boshlab respublika bo‘yicha narxlar ijtimoiy norma asosida belgilanadi, ya’ni belgilangan miqdordan ko‘proq ishlatilgan gaz va elektr uchun ikki va undan ko‘proq miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.
Ijtimoiy norma miqdorini quyidagi belgilash taklif qilinmoqda:
elektr energiyasi - 250 kVt.soatgacha;
gaz - (aprel-sentabr oylari uchun) - 200 kub metrgacha;
gaz (oktabr-mart oylari uchun) - 700 kub metrgacha;
Elektr energiyasi
Aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha — 325 so‘m (hozir 295 so‘m), bundan yuqori har 1 kVt soat uchun — 650 so‘m etib belgilash taklif etilmoqda.
Misol uchun, taklif etilayotgan tabaqalashtirilgan narxlarda 250 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 7,5 ming so‘mgachani, 300 kVt soatgacha ishlatadigan abonentlar uchun 25 ming so‘mgachani va 400 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa 61 ming so‘mgachani tashkil etadi.
Shuningdek, 1 kVt soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun — 800 so‘m, boshqa yuridik shaxslar uchun — 600 so‘m etib belgilanadi.
Tabiiy gaz
Aholi uchun 1 kub metr tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha — 410 so‘m (hozir 380 so‘m), bundan yuqori har 1 kub metr uchun — 1 200 so‘m, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha — 410 so‘m, undan yuqori har 1 kub metr uchun — 1 200 so‘m etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Masalan isitish mavsumida 700 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 21 ming so‘mgacha, 1000 kub metrgacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 267 ming so‘mgachani tashkil etadi.
Shuningdek, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 6 ming so‘mgacha, 300 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 88 ming so‘mgachani tashkil qiladi.
1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun — 1 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun — 1 200 so‘m, IESlar uchun — 1 000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun — 1 150 so‘m bo‘ladi.
Suyultirilgan gaz esa aholi uchun — 1600 so‘m miqdorida (hozir 1120 so‘m) belgilanmoqda. Bunda, 1 abonentga bir oyda o‘rtacha 20 kg suyultirilgan gaz yetkazib berilishini hisobga olsak, abonentning qo‘shimcha xarajati bir oyda 9,6 ming so‘mni tashkil etadi. "Hududgazta’minot" AJ korxonalari suyultirilgan gazni tuman hokimliklari bilan birgalikda tasdiqlangan grafiklarga muvofiq aholiga kunma — kun yetkazib berishni ta’minlaydi.
2023 yildan belgilanadigan narxlar
Loyihada, shuningdek, korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish hamda tannarxni pasaytirish uchun "perspektiv mo‘ljal"ni ko‘rsatish maqsadida 2023-yil 1-apreldan kuchga kiradigan yangi narxlarni ham tasdiqlash taklif etilmoqda.
Bunda, 2023 yil 1-apreldan quyidagi narxlar joriy etiladi:
Elektr energiyasi bo‘yicha:
Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun 800 so‘m miqdoridagi narx saqlab qolinadi;
qolgan yuridik shaxslar uchun — 700 so‘m.
Tabiiy gaz bo‘yicha:
issiqlik elektr stansiyalari uchun — 1 200 so‘m;
Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun — 1 350 so‘m;
avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun — 1 400 so‘m;
qolgan yuridik shaxslar uchun — 1 350 so‘m etib belgilash.
2023 yil 1-apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-engergetika resurslarining narxlari 2024 va 2025-yillarda faqatgina inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi, 2026-yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.
Fuqarolar 15-iyungacha loyiha yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin.
Ijtimoiy norma kiritishga oid asoslar
Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi besh yilda aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasi 11 mlrd kVt.soatdan 16 mlrd kVt.soatgacha (1,5 barobarga ko‘p), tabiiy gaz hajmi esa 10 mlrd kub metrdan 13 mlrd kub metrga (1,3 barobarga ko‘p) oshmoqda.
Energiya ta’minotidagi uzilishlar (2021 yilda haqiqiy talabga nisbatan 2-3 mlrd kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilmagan), ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatining pastligi, soha korxonalarining moliyaviy holati barqaror emasligi sababli yuzaga kelayotgan energiya resurslariga bo‘lgan qo‘shimcha talabni ta’minlash uchun yangi quvvatlarini barpo etish, xususiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilishni talab etmoqda.
“Qaror loyihasini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish asosiy mezon qilib olindi. Xalqaro tajriba asosida aholining kam ta’minlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish uchun “ijtimoiy norma” tizimi butun respublika bo‘yicha amalga kiritilishi belgilanmoqda”, - deyilgan xabarda.
Respublikada elektr energiyasi iste’mol qiluvchi jami 7,3 mln abonent mavjud bo‘lib, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt.soatgacha elektr energiyasini iste’mol qiladi.
Lekin, mazkur xonadonlarning hissasiga aholi iste’mol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 31 foizi (5,7 mlrd kVt s) to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, tabiiy gaz iste’mol qiluvchi jami 4 mln abonent mavjud. Ushbu xonadonlarning 85 foizi, ya’ni 3,4 mln ta abonent oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Lekin, ularning hissasiga aholi jami iste’molining bor-yo‘g‘i 35 foizi (4,5 mlrd kub m) to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlanishicha, Yuqoridagi ko‘rsatkichlar energoresurslarni iste’mol qilishning yil davomida o‘rtacha oylik darajasini ifodalaganligi sababli, o‘rtacha oylik iste’molning aniq miqdorlarini aniqlash maqsadida Toshkent va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahridagi abonentlarda tanlanma o‘rganish o‘tkazildi.
Misol uchun, o‘rganish natijalariga ko‘ra ushbu hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 86 foiz, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 65 foiz hamda hovlilarda yashovchi 57 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 250 kVt.soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan.
Isitish mavsumida esa eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi
78 foiz, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 77 foiz hamda hovlilarda yashovchi 44 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 250 kVt.soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan.
78 foiz, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 77 foiz hamda hovlilarda yashovchi 44 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 250 kVt.soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan.
Shuningdek, yuqoridagi hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 99 foiz hamda hovlilarda yashovchi 86 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 200 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qilgan.
Isitish mavsumida esa eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 93 foiz hamda hovlilarda yashovchi 64 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 700 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qilgan.
Avvalroq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya va Energetika vazirliklari mamlakat energetika sohasi isloh qilinishini ma’lum qilishgani xabar qilingan edi. Unda ko‘ra, mamlakat bo‘ylab gaz va elektr energiya uchun ijtimoiy norma joriy etilishi aytilgan edi.