Toshkentda 72 yoshli bemorda noyob jarrohlik o‘tkazildi

© Foto: O‘zbekiston SSVToshkentda 72 yoshli bemorda noyob jarrohlik o‘tkazildi
Toshkentda 72 yoshli bemorda noyob jarrohlik o‘tkazildi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.05.2022
Obuna bo‘lish
Jarrohlikka Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan professor boshchilik qilgan.
TOShKENT, 29-may — Sputnik. Toshkentdagi zamonaviy klinikalardan birida noyob kardiojarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi. Bor-yo‘g‘i yetti santimetrlik kichik kesma orqali kam invaziv usulda va og‘ir jarohatlarsiz 72 yoshli bemorning aorta klapani almashtirildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, birinchi yangilik — bemorning aortasiga o‘rnatilgan moslamada. Uni “kelajak avlod klapani” yoki “chok tikilmaydigan klapan” deb atash mumkin. Ushbu moslama organizmda 10-15 yil benuqson ishlaydi. Asoratlari esa juda kam.
Ikkinchi yangilik — mazkur klapanni o‘rnatish uchun an’anaviy operatsiyadagi singari tanani ochib, 1,5-2 soat davomida yurakni to‘xtatib qo‘yish shart emas. Bu jarayon uchun atigi 10-15 daqiqa kifoya.
Uchinchi yangilik — operatsiyadan bir kun o‘tiboq bemor bemalol yura oladi. Jarohatlar bitishi uchun juda kam vaqt talab etiladi. Reabilitatsiya jarayoni tez va oson kechadi.
Bu yuqori texnologik amaliyotga Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan malakali kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov boshchilik qilgan.
Shifokorning qayd etishicha, u mamlakatdagi faoliyati davomida 4,5 mingdan ziyod operatsiyalarda ishtirok etdi. Ammo ulardan 28 tasi O‘zbekistonda ilk bor bajarilgan noyob amaliyotlardir.
Bugungi operatsiya ham O‘zbekistonda hali ommalashib ulgurgani yo‘q. Biroq shifokor-olim yaqin yillarda “kelajak avlod klapanlari” respublikada minglab bemorlarning umriga umr qo‘shishiga ishonadi.
“Avvallari mamlakatimizda bunday insonlar hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan, — deydi Yorbekov. —Qolaversa, dunyoning eng rivojlangan davlatlari klinikalarida ham bu singari operatsiyalar har doim muvaffaqiyatli o‘tkazilmagan. Endi esa O‘zbekiston tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilishi, xususan, kardioxirurgiya sohasiga ilm-fanning so‘nggi yutuqlari keng tatbiq etilishi yurtdoshlarimizni uzoq yo‘l bosib, katta mablag‘ sarflab xorijiy mamlakatlarda davolanish tashvishidan xalos etdi".
Yangiliklar lentasi
0