Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga oid takliflarni qabul qiladigan platforma ishga tushdi

© Depositphotos.com / DimaberkutRuki nad klaviaturoy
Ruki nad klaviaturoy  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 26.05.2022
Obuna bo‘lish
“Mening Konstitutsiyam” onlayn platformasida fuqarolar o‘z takliflarini yozib qoldirishlari mumkin.
TOShKENT, 26-may — Sputnik. “Mening Konstitutsiyam” onlayn platformasi ishga tushirildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Odiljon Tojiyev ma’lum qildi.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, ushbu platformada fuqarolarning Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflari qabul qilinadi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati yangiliklari e’lon qilib boriladi.
Fuqarolar o‘z takliflarini nafaqat onlayn platformaga balki, mahallalar, xalq deputatlari Kengashlari, 1341 call-markazi, pochta, shu jumladan elektron pochta hamda Telegram maxsus boti (@meningkonstitutsiyam_bot) orqali yuborishlari mumkin bo‘ladi.
Shu kunga qadar Komissiyaga 10 ga yaqin takliflar kelib tushgan.
“Komissiya nomiga kelib tushayotgan takliflarning aksariyati hozircha ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan. Ular Konstitutsiyaning 13,15, 29, 37, 40, 41, 53, 78, 80-moddalari bilan bog‘liq”, - deydi Tojiyev.

Kelib tushgan barcha takliflar saralanadi

Takliflar komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda Komissiya huzuridagi Yig‘ma axborot-tahlil guruhiga yuboriladi. Shuningdek, takliflar bildirgan fuqarolar bilan qayta aloqa o‘rnatilib, ularga tegishli javob qaytariladi.
Takliflar bo‘yicha tayyorlangan xulosa har haftada kamida bir marotaba Komissiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Muhokama natijalari bo‘yicha Konstitutsiyaga kiritilishi mumkin bo‘lgan takliflar saralanib, tegishli loyiha shakllantiriladi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari quyidan iboratligi belgilangan:
- takliflarni to‘plash, umumlashtirish, shakllantirish asosida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”Qonun loyihasini tayyorlash;
- davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspertlik xulosalari, statistik ma’lumotlar va boshqa axborotlarni so‘rab olish;
- ilmiy-tadqiqot muassasalari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflari yuzasidan tavsiyalarini, shuningdek, ekspertlar xulosalarini olish;
- Konstitutsiyaviy komissiyaning ishiga davlat organlari va nodavlat tashkilotlar vakillarini ekspertlar sifatida jalb qilish;
- zarurat tug‘ilganda, manfaatdor davlat organlari va nodavlat tashkilotlarga o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun taqdim qilingan takliflarga asosan, boshqa qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
- konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar buzilishi haqida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborish.
Yangiliklar lentasi
0