Suv ta’minoti og‘ir holatdagi 1500 tadan ziyod mahalla ichimlik suv bilan ta’minlanadi

© Depositphotos.com / SimplyDevushka pyet xolodnuyu vodu iz pityevogo fontanchika
Devushka pyet xolodnuyu vodu iz pityevogo fontanchika - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.05.2022
Obuna bo‘lish
Buning uchun mahalliy budjetlardan jami 444,6 mlrd so‘m, shu jumladan joriy yilda 106,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
TOShKENT, 25-may — Sputnik. 2022–2025 yillarda respublikadagi ichimlik suv ta’minoti og‘ir holatdagi 1 545 mahalla (shundan 2022-yilda 140 ta) ichimlik suv bilan ta’minlanadi. Bu prezident 25-may kuni imzolagan qarorda ko‘zda tutilgan.
Buning uchun mahalliy budjetlardan jami 444,6 mlrd so‘m, shu jumladan joriy yilda 106,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
1 691 ta maktab, 885 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 377 ta tibbiyot muassasalari ichimlik suv bilan ta’minlanadi. Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun joriy yilda jami 50 mlrd so‘m, 2023-yildan har yili respublika va mahalliy budjetlardan teng ulushlarda 50 mlrd so‘mdan, jami 100 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
2022–2024 yillarda respublika bo‘yicha 2660 ta mahallada ichimlik suv tarmoqlari uy xo‘jaligigacha yetkaziladi. Buning uchun “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan 180 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra avvalgi yillarda qurilish-montaj ishlari yakunlanmagan yoki foydalanishga topshirilmagan ichimlik va oqova suv obyektlari (17 ta) to‘liq foydalanishga topshiriladi.
2023 yil 1-yanvardan:
- aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “O‘zsuvta’minot” AJ va hududiy suv ta’minoti korxonalarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
- respublika hududiga texnik talablarga javob bermaydigan suv hisoblagichlarni va ularning qo‘shimcha vositalarini olib kirish hamda o‘rnatish taqiqlanadi;
- ichimlik suv ta’minoti obyektlari foydalanishga tayyor holda topshirilgan taqdirda (o‘lchov uskunalari o‘rnatilib, ichimlik suv uy xo‘jaligigacha yetkazilgan taqdirda) aholining ixtiyoriga ko‘ra davlat xizmatlari markazlari orqali yoki “O‘zsuvta’minot” AJ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga va o‘lchov uskunalarini tamg‘alashga ruxsat beriladi.
2023 yil 1-yanvardan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilar tomonidan hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilishi talab etiladi.
2024 yil 1-yanvardan masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarni o‘rnatmagan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilarga ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun suvni hisobga olish uskunasi bilan ta’minlanmagan iste’molchilar sifatida hisob-kitob amalga oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, “O‘zsuvta’minot” AJ qoshida Sovuq va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish hamda o‘rnatish bo‘yicha metrologiya xizmatini va uning hududiy filiallaritashkil etiladi.
Yangiliklar lentasi
0