Maymun chechagi BAAgacha yetib keldi: kasallik haqida nimalar ma’lum
12:37 25.05.2022 (yangilandi: 12:59 25.05.2022)
© AP PhotoVisipaniya na koje pri obezyanyey ospe.
© AP Photo
Obuna bo‘lish
Dastlab Yevropada aniqlangan maymun chechagi, keynchalik Kanada va Avstraliyada ham aniqlandi. Belgiyada allaqachon ushbu kasallik tufayli karantin e’lon qildi. So‘nggi kunlarda esa maymun chechagi BAAda aniqlandi.
TOShKENT, 25-may — Sputnik. Kecha, 24-may kuni Birlashgan Arab Amirliklarida maymun chechagi bilan kasallangan birinchi bemor aniqlandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, kasallik BAAga G‘arbiy Afrikadan kelgan 29 yoshli ayolda aniqlangan. “Ayol shifokorlar nazoratida. Unga mamlakatda zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Vazirlik sog‘liqni saqlashga mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda aholini yuqumli kasalliklardan himoya qilish, tezkorlik bilan holatlarni aniqlash va barcha kasalliklarning mahalliy tarqalishini cheklash bo‘yicha ish olib borish uchun eng yuqori xalqaro amaliyotga muvofiq epidemiologik nazorat mexanizmiga amal qilishini aytdi.
Maymun chechagi o‘zi qanday kasallik
Maymun chechagi ilk bor 1970-yilda Kongoda aniqlangan. Shundan beri G‘arbiy Afrika davlatlarida kasallikka chalinganlar muntazam uchrab turadi. Biroq 2022-yilda Yevropada maymun chechagi qayd etilgani va boshqa davlatlarda ham uchray boshlagani kutilmagan hol bo‘ldi. BAAda kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish boshlangan. Boshqa davlatlar ham ehtimoliy tarqalish oldini olishga kirishgan.
Belgiya kasallikka chalinganlarni 21 kunlik karantinga olishini e’lon qildi. AQShda ham maymun chechagi bilan kasallanish holatlari aniqlangan. Shu munosabat bilan Hukumat chechakka qarshi 13 million vaksina sotib olishga buyruq bergan. Rossiyada bunday holat aniqlanmagan.
Kasallik belgilari
Maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan (kemiruvchilar, primatlar) odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak va bel og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Teri toshmasi yuz va tananing boshqa qismlarida ham paydo bo‘lishi mumkin. Maymun chechagi epidemiyasi bo‘yicha o‘lim darajasi 1% dan 10% gacha.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 7-maydan buyon dunyoning 19 ta davlatida, asosan Yevropa, AQSh, Kanada, Avstraliya va Isroildagi odamlarda maymun chechagi infeksiyasining 131 ta tasdiqlangan holati va 106 ta infeksiyaning shubhali holati qayd etilgan. Virus Afrikaning bir nechta mintaqalarida endemik, ya’ni ma’lum bir geografik hududga xosdir. Tashkilot kasallikka qarshi vaksinalar va virusga qarshi preparatlar yetkazib berish cheklanganini ma’lum qildi.
“Maymun chechagi va koronavirus o‘xshash kasalliklar emas. Chunki chechak faqat yaqin jismoniy aloqa orqali tarqalishi mumkin bo‘lgan patogenga ega. Kasallik yaqin aloqadagi oilalarda yoki ijtimoiy guruhlarda sodir bo‘ladi”, deyiladi JSST xabarida.
Ayni paytda maymun chechagining ikki asosiy shtammi aniqlangan – Markaziy Afrika va G‘arbiy Afrika shtammlari.
Yangi kasallik qanchalik xavfli?
Kasallik odatda ikki haftadan to‘rt haftagacha davom etadi. Og‘ir holatlar immunitet tanqisligi bo‘lgan odamlarda va yosh bolalarda ko‘proq uchraydi. 1970-1990 yillarda 47 ta o‘lim qayd etilgan, ularning barchasi o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida kuzatilgan. So‘nggi yillarda har yuz bemorga o‘rtacha 3-6 o‘lim to‘g‘ri keladi. Hozircha joriy epidemiya vaqtida o‘lim holatlari qayd etilmagan.
Maymun chechagining odatdiy simptomlari:
0-5 kun - isitma, kuchli bosh og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari. Orqa va mushak og‘rig‘i, kuchli charchoq ham tez-tez uchraydi.
1-3 kun - toshma paydo bo‘la boshlaydi (odatda yuz, qo‘l va oyoqlarda). Bundan tashqari, shilliq qavatlarda yaralar mavjud. Toshmalarning soni bir necha mingdan milliongacha.
1-2 hafta - toshmalar quriydi, qobiq paydo bo‘ladi, keyin esa tushadi. Ulardan, chechakda bo‘lgani kabi, chandiqlar qolishi mumkin.
Maymun chechagining asoratlari ikkilamchi infeksiyalar, bronxopnevmoniya, sepsis, ensefalit va shox parda infeksiyasini (ko‘pincha ko‘rishni yo‘qotish bilan) o‘z ichiga olishi mumkin.
O‘zbekistonda
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, bugunga qadar O‘zbekistonda maymun chechagi kasalligi qayd etilmagan. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning mamlakatga kirib kelmasligi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.