SSV: O‘zbekistonda maymun chechagi qayd etilgani yo‘q

© Sputnik / Mixail MokrushinObezyana v kletke
Obezyana v kletke - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.05.2022
Obuna bo‘lish
Otabekov: ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni ko‘rapmiz.
TOShKENT, 23-may — Sputnik. O‘zbekistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilgani yo‘q. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari professor Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Uning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga asoslanib ma’lum qilishicha, bu kasallik hozirgacha 14 ta davlatda qayd etilgan. Infeksiyani yuqtirganlar soni 90 nafarga yaqinlashgani aytilyapti. Shu kungacha o‘lim holatlari ro‘yxatga olinmagan.

“O‘zbekistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilgani yo‘q. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni ko‘rapmiz”, - dedi u matbuot anjumani davomida.

Otabekov bu xastalik kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘qligini ta’kidladi. Ya’ni ilk bor u bundan 52-yil avval Kongo Demokratik Respublikasida aniqlangan. Kasallikning alohida holatlari Markaziy va G‘arbiy Afrika mamlakatlarida kuzatilgan.
“Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, maymun chechagi deyarli barcha holatlarda hayvonlardan odamga yuqadi. Asosan endemik hududlarga safar qilgan va jonivorlar bilan muloqotda bo‘lgan kishilarda tasdiqlanishi mumkin”, - deydi Otabekov.
Dunyo bo‘ylab kasallikning qayta avj olishi 7-may sanasidan boshlangan. Shu kuni Buyuk Britaniyaga Nigeriyadan qaytgan sayyohda mazkur infeksiya aniqlandi. Unda kasallik belgilari terida toshmalar toshishi bilan namoyon bo‘lgan. Shundan so‘ng ushbu mamlakatda o‘nga yaqin bemorlar maymun chechagiga chalingani ma’lum bo‘ldi.
Keyinroq AQSh, Kanada, Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Niderlandiya, Gretsiya, Avstraliya, Isroil va Shveysariyada ham xastalik tarqala boshlagan.
Tahlillarga ko‘ra, kasallik odatda yengil kechapti va bemorlarning ko‘pchiligi bir necha hafta ichida tuzalib ketmoqda.
Shunga qaramay, hozir JSST maymun infeksiyasi keng tarqalib ketmasligi uchun dunyo mamlakatlarini profilaktik choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, aynan maymun chechagiga qarshi emlash preparatlari mavjud bo‘lmasa-da, bir qator mamlakatlar oddiy chechakka qarshi vaksinalar orqali buning oldini olishga harakat qilmoqda.
Chunki ikki virus bir-biriga o‘xshash va shu tufayli bunday vaksinalar maymun chechagining oldini olishda taxminan 85 foizga samara berishi kutilyapti.
Yangiliklar lentasi
0