Buxoroga Jahon hunarmandlar shahri maqomi berildi

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovMinaret i mechet Kalyan, medrese Miri-Arab (Buxara)
Minaret i mechet Kalyan, medrese Miri-Arab (Buxara) - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.05.2022
Obuna bo‘lish
Shaharda Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik anjumani doirasida kashtachilik san’ati festivali ham o‘tkazilmoqda.
TOShKENT, 22-may — Sputnik. Butunjahon hunarmandlar kengashi qadimiy Buxoroga Jahon hunarmandlar shahri maqomini berdi. Bu haqda Buxoro shahri hokimi Jamol Nosirov ma’lum qildi, deb xabar qildi “Dunyo” AA.
Nosirovning so‘zlariga ko‘ra, shaharda Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik anjumani doirasida kashtachilik san’ati festivali ham o‘tkazilmoqda. Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning shahrimizda o‘tkazilishi bejiz emas.
Buxoro qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniyat markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda, asosan, hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari, ayniqsa, zardo‘zlik va zargarlik, kashtachilik san’ati rivoj topgan.
“Usta-shogird” an’anasi orqali hunarmandlarning oilaviy sulolalari avloddan-avlodga kasb sirlarini yetkazib kelmoqda. Ayni paytda Buxoroda hunarmandchilik an’analari yanada izchil rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda 800 nafar hunarmand va ularning 5 mingga yaqin shogirdi faoliyat yuritmoqda.

“Xususan, ipak gilamdo‘zligi, kulolchilik, zardo‘zlik va zargarlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi kabi ko‘plab hunarmandchilik turlari ravnaq topmoqda. Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan qadimiy Buxoroga Jahon hunarmandlar shahri maqomi berilgani quvonarlidir”, - dedi hokim “Dunyo” AA bilan suhbatda.

21 may kuni Buxoro shahrida birinchi Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali anjuman ishtirokchilarining bayramona yurishi bilan boshlandi.
25 mayga qadar davom etadigan festivalda respublikamizning barcha viloyatlaridan 288 nafar hunarmand ishtirok etmoqda. Ulardan 110 nafari zargar, 37 nafari zardo‘zlik ustasi, 44 nafari kashtachi, 97 nafari hunarmandchilikning boshqa yo‘nalishlari vakillaridir.
Festivalga dunyoning 58 davlatidan ishtirokchilar tashrif buyurgan. Forum davomida 112 nafar xorijlik hunarmand o‘z mahoratini ko‘rgazmali tarzda namoyish etadi.
Yangiliklar lentasi
0