Endi masofaviy elektron to‘lovlar uchun ham keshbek to‘lanadi

© Foto: GNK UzbekistanaKeshbek za pokupki
Keshbek za pokupki - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.05.2022
Obuna bo‘lish
To‘lov xizmatlari elektron tijorat platformalari orqali amalga oshirilganda QR-kodli chek hosil bo‘ladi.
TOShKENT, 11-may — Sputnik. Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) endi masofaviy elektron to‘lovlar uchun ham xaridlardan 1 foiz miqdorida keshbek to‘lanishini xabar qildi.

“Elektron tijorat platformalari – “marketpleys” larning axborot tizimlari yordamida masofadan turib amalga oshirilgan xaridlar uchun ham keshbek to‘lanadi”, - deyilgan xabarda.

Bu Soliq organlari axborot tizimlarining elektron to‘lovlar – Paynet, Oson, Click, Payme, Apelsin, ATTO va boshqalarning integratsiyasi evaziga amalga oshiriladi.
Bu to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda QR-kodli chek hosil bo‘ladi. Agar iste’molchi keshbek tizimida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, xarid summasining 1 foizi “Soliq” mobil ilovasining shaxsiy kabinetida avtomatik tarzda aks ettiriladi.
Shuningdek, keshbek olish uchun elektron chekdagi QR-kodni skanerlash imkoni ham mavjud.
DSQ avtomobillar, havo va temir yo‘l chiptalarini xarid qilish, kommunal va aloqa xizmatlari uchun keshbek to‘lanmasligini eslatgan.
Avvalroq O‘zbekistonda iste’molchilarga yil boshidan buyon qaytarilgan keshbek miqdori 72,3 mlrd so‘mga yetgani xabar qilingan edi.
2022 yil 1-yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xarid qilib, xarid chekini mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytariladi.
Buning uchun iste’molchilar xarid chekining QR-kodini "Soliq" mobil ilovasida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazishlari lozim.

“Soliq” mobil ilovasini qanday yuklab olish mumkin

Xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun telefonda “Soliq” mobil ilovasi o‘rnatilgan bo‘lishi shart. Ilovani “Play Market” (Android) yoki “App Store” (iOS) orqali yuklab olish mumkin. Ilovaning “Umumiy xizmatlar” bo‘limida "Keshbek" tugmasini bosib, shtrix kodli (QR-kod) xarid chekini telefon kamerasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. "Keshbek" bo‘limida shtrix kod rasmi ko‘rsatilgan tugmani bosish kerak. Shundan so‘ng kamera xarid cheki shtrix kodiga yo‘naltirilsa, u avtomatik tarzda shtrix kodni o‘qiydi.
Ilovaning "Mening cheklarim" bo‘limida skaner qilingan cheklar ro‘yxati shakllanadi. Xarid cheklaridan tushgan keshbek yig‘ilib boradi va "Umumiy keshbek summasi" bo‘limida ko‘rinadi. Oy boshida o‘tgan oyda yig‘ilgan keshbek mablag‘lari to‘liq ko‘rinadi.
"Tushumlar tarixi" bo‘limida xarid chekini skaner qilish orqali yig‘ilgan keshbeklar tarixini ko‘rish mumkin. Yig‘ilgan mablag‘larni "Kartaga pul o‘tkazish" bo‘limida bank kartasiga o‘tkazib olish imkoniyati bor.
Ba’zi cheklar ilovadan ro‘yxatdan o‘tmaydi. Chunki, ayrim tadbirkorlar taqdim etadigan xarid cheklari Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan talablarga mos kelmaydi. Masalan, ba’zi hollarda xarid chekida "Fiskal belgi" va shtrix kod bo‘lishiga qaramay, uni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida ilova "Chekdagi mahsulot kodi (MXIK) xato" deb ko‘rsatadi. Mahsulot kodida xatolik aniqlangan tadbirkorlik subyekti haqidagi to‘liq ma’lumotlarni soliq organlariga yetkazish kerak bo‘ladi.
Yangiliklar lentasi
0