Rossiya Markaziy Osiyoga “Katta o‘yin” geosiyosiy qarama-qarshilik ruhida qaramaydi - Lavrov
16:07 05.05.2022 (yangilandi: 18:37 05.04.2023)
© Sputnik / MID RFMinistr inostrannix del RF Sergey Lavrov
© Sputnik / MID RF
Obuna bo‘lish
Rossiya tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar “geosiyosiy vaziyatning tebranishlaridan” qat’i nazar, jadal rivojlanmoqda.
TOShKENT, 5-may - Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Rossiya - Markaziy Osiyo: 30-yil do‘stlik va hamkorlik yo‘lida” nomli maqola yozdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, bu yil Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30-yil to‘ldi. Yubiley munosabati bilan keng qamrovli tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda. Madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar, teatrlarga sayohatlar, konsertlar, filmlar namoyishi, davra suhbatlari va ilmiy-amaliy anjumanlar shular jumlasidandir.
”O‘tgan yillarda biz juda katta yo‘lni bosib o‘tdik. Birgalikda ishlashda doimo xalqlarimizni birlashtirgan tarixiy do‘stlik rishtalariga, o‘zaro yordam, ishonch va hurmatning boy an’analariga tayanib kelganmiz. Xalqaro hamjamiyatning har qanday mas’uliyatli a’zosi singari, Rossiya ham barcha, lekin birinchi navbatda qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va konstruktiv hamkorlikni saqlab, xayrixoh tashqi muhitdan manfaatdor. Shu munosabat bilan biz Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan strategik sheriklik, ko‘pchilik bilan esa ittifoqchilik munosabatlari orqali bog‘langanimizdan quvonmay ilojimiz yo‘q”, deydi Lavrov.
Vazirga ko‘ra, yirik qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti. Xususan, Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari o‘rtasidagi Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Rossiya-Tojikiston iqtisodiy hamkorligining flagmani Sangtudin GES-1 respublikada ishlab chiqariladigan umumiy elektr energiyasining qariyb 12,5 foizini ta’minlayapti.
2021 yilda “KAMAZ” kompaniyasining Turkmanistonga 2000 ga yaqin avtomobil texnikasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomasi yakunlangan. O‘tgan yilning yanvar oyida Rossiya va Qirg‘iziston prezidentlari Talas oltin konini ishga tushirgan. Qozog‘istonning Jambil viloyatida qo‘shma mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Rossiya TIV rahbarining qayd etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar “geosiyosiy vaziyatning tebranishlaridan” qat’i nazar, jadal rivojlanmoqda.
Yaxshi qo‘shnichilik muhitini saqlashda mintaqaviy hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkazilayotgan hududlararo hamkorlik forumlari uning yanada yuksalishiga katta hissa qo‘shmoqda. Avvaliga bu amaliyot Qozog‘istonda, keyin esa O‘zbekistonda joriy etildi.
Yevroosiyo davlatlari orasida ham integratsiya jadal rivojlanmoqda —hozirda YeOII a’zolari Qozog‘iston va Qirg‘izistondir. 2020-yildan boshlab O‘zbekiston Ittifoq ishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Uyushma faoliyatiga Tojikiston va Turkmaniston qiziqish bildirapti.
Lavrovning ta’kidlashicha, Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari boy va rang-barang madaniy-gumanitar hamkorlik bilan ajralib turadi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda Rossiya fan va madaniyat markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
2019 yilning may oyida MDH mamlakatlaridan birinchi bo‘lib O‘zbeksitonda MGIMO (Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti) filiali ochildi. Har yili Markaziy Osiyo davlatlarining 160 mingga yaqin fuqarosi Rossiyada tahsil oladi, shundan 60 ming nafari federal budjetdan moliyalashtiriladi.
Rossiya migratsiyani tartibga solish, ixtisoslashtirilgan qonunchilik bazasini takomillashtirish sohasida ham yaqin hamkorlikni rivojlantirmoqda. O‘zbekiston va Tojikiston bilan fuqarolarni Rossiyada ishlash uchun jalb etish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan. Qirg‘iziston bilan shunday hujjat tayyorlanmoqda.
“2017 yilda O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini tashkiliy ravishda jalb qilish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolangan edi”, deya eslatdi vazir.
Vazir bugungi kunda mintaqada MDH, KXShT va ShHTning aksilterror hamda giyohvandlikka qarshi tuzilmalari orqali hamkorlikda samarali ishlar olib borilayotganini alohida ta’kidladi.
Boshqa narsalar qatorida TIV rahbari Rossiya Markaziy Osiyoni geosiyosiy to‘qnashuv joyi deb hisoblamasligini aytdi. Aksincha, Rossiya faqat mintaqaviy integratsiyani olqishlaydi.
“Ayrim G‘arb davlatlaridan farqli o‘laroq, Rossiya Markaziy Osiyo mintaqasiga “Katta o‘yin”ning mustamlakachilik konsepsiyasi ruhida, geosiyosiy qarama-qarshilik maydoni sifatida qaramaydi. Shu munosabat bilan biz mintaqalararo integratsiya kuchayib borayotganini, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuv uchrashuvlarini faqat olqishlaymiz”, - deya qayd etdi Lavrov.
Rossiya TIV rahbari maqolasini qo‘yidagi so‘zlar bilan yakunladi:
“Barkamol, teng huquqli, o‘zaro manfaatli munosabatlarimiz XXI asrda davlatlararo hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilishi lozimligiga yorqin misoldir… Aloqalarimizni yangi chegaralarga olib chiqish uchun barcha zarur shart-sharoit mavjud. Asosiysi, xalqlarimizni birlashtirgan do‘stlik va ishonch rishtalaridir”.
“Barkamol, teng huquqli, o‘zaro manfaatli munosabatlarimiz XXI asrda davlatlararo hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilishi lozimligiga yorqin misoldir… Aloqalarimizni yangi chegaralarga olib chiqish uchun barcha zarur shart-sharoit mavjud. Asosiysi, xalqlarimizni birlashtirgan do‘stlik va ishonch rishtalaridir”.