Bojxona xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev otsenil rabotu tamojennogo posta "Ayritom" v Termezskom rayone Surxandarinskoy oblasti
Obuna bo‘lish
1 iyulga qadar “Toshkent xalqaro aeroporti”da, 1-oktabrga qadar “Termiz xalqaro aeroporti”da “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi joriy etiladi.
TOShKENT, 5-may — Sputnik. 1-sentabrdan boshlab xavf darajasi past bo‘lgan bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish inson omilisiz avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Husan Tangriyev ma’lum qildi.
“Bojxona xodimi deklaratsiyalarini rasmiylashtirish jarayoni uchun o‘rtacha 30 daqiqa sarflaydi. Dastur esa bor-yo‘g‘i 3 daqiqa ichida ushbu funksiyalarni bajaradi. Shu sababli deklaratsiyalarni avtomatik ravishda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish hajmi bosqichma-bosqich oshirib boriladi”, - deyiladi xabarda.
Ushbu amaliyot shu yilning o‘zida import rasmiylashtiruviga ham tadbiq etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 1-iyulga qadar Toshkent xalqaro aeroportida, 1-oktabrga qadar Termiz xalqaro aeroportida “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi joriy etiladi. Ushbu tizimdan 2023-yil yakuniga qadar respublikaning qolgan barcha xalqaro aeroportlarida qo‘llaniladi.
Bojxona xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi. Unga ko‘ra:
1 dekabrdan boshlab, bojxona ko‘rigi jarayonlari qamrab olingan mobil elektron tizim ishga tushiriladi;
“Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 40 taga yetkaziladi;
Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Davlat bojxona qo‘mitasi bir oy muddatda temir yo‘l orqali keladigan tovarlar bo‘yicha ma’lumotlarni oldindan elektron almashish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
1 dekabrga qadar bojxona organlarida korrupsion xavflarni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqiladi;
2023 yil 1-yanvardan boshlab bojxona organlari xodimlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash amaliyoti bosqichma bosqich joriy etiladi.
Qolaversa, 2022 - 2024-yillarda bojxona organlari tizimida ayol xodimlar ulushi kamida ikki barobarga oshiriladi.
Shu bilan birga, “G‘ishtko‘prik”, “Navoiy” va “Dout ota” kabi serqatnov bojxona postlari butunlay yangidan quriladi. 8 ta bojxona obyektlarida kapital qurilish ishlari amalga oshiriladi hamda chegara bojxona postlariga olib boruvchi 288 km yo‘llar kapital ta’mirlanadi.
Bojxona organlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar 46 ta bojxona obyektini qamrab olmoqda.